Harbiy qismda bahodirlar sport o‘yini o‘tkazildi

0
3930

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda bo‘linmalar o‘rtasida “Bahodirlar sport o‘yini” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda bahodirlar 5 ta shart bo‘yicha maydonga tushib, polvonlik mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Dastlabki shartlarda ular 32 kilogramlik tosh va 50 kilogramm og‘irlikdagi shtanga bilan mashqlarni bajargan bo‘lsa, keyingi shartlarda og‘ir yuk mashinasining 200 kilogramga teng balonini ma’lum masofa oralig‘ida harakatlantirish va 50 kilogramlik yukni 20 metr masofaga chaqqonlik bilan yetkazish kabi mashqlarni bajarishdi. Ayniqsa, UAZ rusumli avtomashinani 10 nafar harbiy xizmatchi bilan birgalikda (jami 5 tonna 400 kg og‘irlik) arqon yordamida tortib, joyidan uzoqlashtirish mashqi harbiy xizmatchilardan mustahkam iroda talab qildi.  

Odatda har bir harbiy xizmatchi og‘ir toshni ko‘tarib o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qiladi. Albatta, bu harakatni osonlikcha amalga oshirish qiyin. Bunda sportchidan kuchli iroda, jismoniy baquvvatlik talab etiladi. Bahodirlar o‘yini musobaqasi ham polvonlar uchun kuchni namoyish etadigan bahslardan biri hisoblanadi, –  dedi bosh hakam mayor Doniyor Xoldorov.

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra faxrli uchinchi o‘rinni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Abdumo‘min Shoydullayev, ikkinchi o‘rinni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Murodjon Lutfitdinov egallagan bo‘lsa, mutlaq g‘oliblikni kichik serjant Yunusali Yunusaliyev egallab, navbatdagi bosqich bellashuviga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘a va diplom bilan taqdirlandilar.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni