Markaziy harbiy okrugda “Kitobxonlik haftaligi”

0
3084

Markaziy harbiy okrugning harbiy qism va muassasalarida harbiy xizmatchilarning badiiy, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy savodxonligini yuksaltirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan, mamlakatning kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat harbiy xizmachilarni tarbiyalash hamda ularning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish maqsadida “Kitobxonlik haftaligi” oʻtkazilmoqda.

Haftalik davomida “Sanʼat olamiga sayohat”, “Hayotingiz davomida oʻqigan eng yaxshi asar”, “Yoshlar va kitobxonlik madaniyati”, “Ikki avlod uchrashuvi”, “Tariximiz bilimdonlari”, “Kitob – qalb gavhari, koʻngil oftobi” kabi biri-biridan qiziqarli tadbirlar, shuningdek, xalqimizning ardoqli farzandlari Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimov, Botir Zokirov singari el suygan ijodkorlarning hayoti va ijodiga bagʻishlangan kechalar, qiziqarli tanlovlar, kutubxonalar boʻylab sayohatlar, kitoblar koʻrgazmalari tashkil etish koʻzda tutilgan.

Shu yoʻnalish boʻyicha Samarqand garnizonida oʻtkazilgan tadbirda viloyat Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, faxriylar, axborot resurs markazi mutaxassislari hamda garnizondagi harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda “Kitobxonlik haftaligi” oʻtkazilishining maqsad va vazifalari haqida maʼlumotlar berilib, insonning maʼnaviy kamolotida kitob va kutubxonalarning oʻrni bekiyos, ziyo tarqatuvchi oftob, nonday aziz neʼmat, beminnat ustoz ekanligi taʼkidlandi hamda viloyat kutubxonalari mutaxassislari tomonidan yangi nashr etilgan oʻzbek va jahon adabiyotiga taaluqli kitoblar namoyish etildi. Endilikda ushbu kitoblarni harbiy xizmatchilar ham kutubxona aʼzosi sifatida oʻqish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Tadbirdan soʻng, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligining tashabbusi bilan “Kitob olami” MCHJ bilan hamkorlikda 2 mingdan ortiq kitoblar yarmarkasi oʻtkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati