Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi

0
3709

“Tanqidiy tahlil, qatiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi boʻlishi lozim”. Mudofaa vazirligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlaridan birida qoʻmondonlikning 2022-yil birinchi choragi sarhisobiga bagʻishlangan  onlayn videoselektor yigʻilishi ana shunday nomlandi.

Yigʻilish avvalida, qoʻmondon oʻrinbosarlari tomonidan jangovar shaylik, jangovar tayyorgarlik, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar hamda taʼminot yoʻnalishida erishilgan yutuq va kamchiliklar taʼkidlanib, kelgusida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, joylardagi qoʻshilma va harbiy qism komandirlarining hisobotlari tinglanib, muammoli masalalar yuzasidan shu joyning oʻzida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tadbir yakunida Qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurat Yakubov tomonidan yangi 2022/23-oʻquv mavsumiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etish, muddatli harbiy xizmatga kelgan askarlarga harbiy xizmatning sir-asrorlarini mukammal oʻrganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda Respublika miqyosida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan musobaqa va tanlovlarda munosib ishtirok etish boʻyicha aniq va manzilli koʻrsatmalar berildi.

Bu kabi tanqidiy tahlillar boʻlinmalarda xuquqbuzarliklarni oldini olish va harbiy intizomni mustahkamlash bilan birga harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti