Nukusda eng namunali harbiy oila aniqlandi

0
3473

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Mudofaa vazirligi miqyosida an’anaviy o‘tkazilib kelinayotgan “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” shiori ostida qiziqarli va mazmunli o‘tgan tanlovda mayor A’zam Berdiyev, kichik serjant Ixtiyor Shodiyev hamda kichik serjant Ilhomjon Daminov oilalari sog‘lom raqobat ostida to‘rtta shart bo‘yicha g‘oliblik uchun bellashdi.

Mahallada obro‘-e’tiborga ega, namuna va ibrat bo‘lib kelayotgan ishtirokchi harbiy oilalar sahnada ham o‘zlarini to‘liq namoyon etib, tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Tanlov shartlari O‘zbekiston Respublikasi arboblari uyushmasi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limining boshlig‘i, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Rayxan Saparova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi Gulasal Ubiyeva, O‘zbekiston San’at va madaniyat instituti Nukus filiali o‘qituvchisi Bazarbay Nazarimbetov, 2018-yil “Ibratli oila” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan Aybergenovlar oilasi bekasi Dilbarxon Toremuratova hakamligida odilona baholanib borildi.

Har bir ishtirokchi oila xonadonidagi ahillik va totuvlik, mehr-muhabbat, sadoqat va vafo, samimiy munosabatlarni shartlar orqali namoyon etishdi. Ayniqsa, kichik serjant Ixtiyor Shodiyev oilasi barchaning havasini keltirdi. To‘rt o‘g‘ildan kattasi hozirgi kunda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti kursanti, yana biri Temurbeklar maktabi o‘quvchisi, ikki kichkintoylari esa o‘sib kelayotgan sport yulduzlari bo‘lib, ota-onasiga haqiqiy kamarbasta o‘g‘lonlar ekanliklarini isbotlashyapti. Tanlovda Shodiyevlar oilasiga eng yaxshi ota-ona degan yuksak maqom berildi va barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatildi.

Professional tayyorgarlik doim yuqori natijalarni egallashga zamin yaratadi. Tanlovda mayor Berdiyevlar oilasi nafaqat aktyorlik mahoratiga ega ijodkorlar oilasi deb topildi, balki yuqori ballar bilan ibratli oila misolida faxrli 1-o‘rinni egalladi hamda Mudofaa vazirligi miqyosida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tanlovning g‘olib va sovrindorlari harbiy okrug qo‘mondonligining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati