“Sazagan” poligonida kuch tuzilmalari hamkorligida ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

0
3382

“Sazagan” poligonida Samarqand viloyatidagi kuch tuzilmalari bo‘linmalari ishtirokida davlatimiz sarhadlarini va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan hamkorlikdagi ko‘rgazmali o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi rahbarligida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasining kuch va vositalari, Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmalari, shuningdek, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakillari ishtirok etdi.

O‘quv rejasiga ko‘ra ishtirokchilar yurtimiz chegaralarining dahlsizligini ta’minlagan holda jamoat xavfsizligini nazorat qilish, texnogen vaziyatlarni oldini olish va uni bartaraf etish, razvedka ishlarini olib borish hamda qurollangan shartli jinoyatchilarni to‘xtatish va ularni qo‘lga olish kabi bir qator amaliy vazifalarni bajarib, hamkorlikda harakatlanish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar o‘quv mashg‘uloti davomida aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish va undan samarali foydalanish, safar yuk xaltalarini kerakli bo‘lgan anjomlar bilan to‘ldirish, uchuvchisiz apparat yordamida dushman hududini o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.

O‘quv mashg‘uloti yakunida hamkorlikdagi harakatlar bo‘yicha o‘zaro fikr almashilib, bu tartibdagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining daxldorligini kuchaytirish borasida tegishli tadbirlar amalga oshirilishi kelishib olindi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati