“Amudaryo yoshlari – nuroniylar eʼtiborida”

0
3912

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani “Olmazor” mahallasida “Amudaryo yoshlari – nuroniylar eʼtiborida” nomli madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi masʼul xodimlari, tuman hokimligi vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi aʼzolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, otaxonu-onaxonlar, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Besh yuzdan ortiq yoshlarni qamrab olgan tadbirda mahallaning yosh faollari tomonidan nuroniylarga munosib ehtirom koʻrsatildi. Beshta muhim tashabbusning amaliy natijasi sifatida yosh isteʼdod vakillari tomonidan ijro etilgan milliy kuy va qoʻshiqlar ohangi, urf-odatlarimiz aks etgan milliy chiqishlar, hunarmandchilik namunalari hamda milliy liboslar koʻrgazmasi tadbirga oʻzgacha fusunkorlik baxsh etib, tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shu kuni nuroniy va yoshlar oʻrtasida sport musobaqalari hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Yoshi ulugʻ insonlar oʻzlarining tajribaga va sinovlarga boy oʻtgan hayot yoʻllari haqida maʼlumot berishdi. Uzoq yillar davomida harbiy xizmatni oʻtagan Qurolli Kuchlar faxriylarining mazmunli suhbati yoshlarga chinakam ibrat maktabi boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi tomonidan namoyish etilgan qurol-aslaha, Amudaryo tumani “Vatanparvar” sport texnika klubining sport texnikalari koʻrgazmalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasining kamondan oʻq otish boʻyicha mahorat darslari tadbir ishtirokchilarida oʻzgacha qiziqish uygʻotdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati