“Namunali harbiy oila”: yana bir harbiy oila tanlovning yakuniy bosqichiga yo‘llanma oldi

0
4096

Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida  “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda  musobaqaning garnizon bosqichida g‘olib bo‘lgan harbiy oilalar o‘zaro bellashishdi.

Viloyat Oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda madaniyat bo‘limi mutaxassislardan iborat xay’at hakamlari tomonidan baholonib borilgan tanlov shartlari, ayniqsa mahorat bilan ijro etilgan mazmunli sahna ko‘rinishlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Ishtirokchilarning farzandlari ham ota-onalari bilan birgalikda sahnada mohirlik bilan rol ijro etib, tanlovning ko‘tarinki ruhda o‘tishiga hissa qo‘shishdi.

– Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi oilalar ahilligi va mustahkamligiga hissa qo‘shadi, – deydi tadbirda ishtirok etgan «Oila» ilmiy-amaliy markazi viloyat bo‘limi mutaxassisi Erkinoy Sheraliyeva. – Bu esa zamonaviy jamiyatda juda muhim. Qayerdaki, oilada sog‘lom muhit hukmron bo‘lsa, o‘sha davlat rivoj topadi. Demak, biz sog‘lom muhitli oilalarni ko‘paytirish yo‘lida munosib harakat qilmog‘imiz zarur.

Yakuniy natijalarga ko‘ra uchinchi o‘ringa ikki oila – Qo‘qon shahridagi harbiy qismdan kichik serjant O‘rinboyevlar oilasi va Andijon garnizonidagi harbiy qismdan serjant Masaidovlar oilasi munosib ko‘rildi. Ikkinchi o‘rin  Namangan garnizonidagi harbiy qismdan serjant Hatamovlar oilasiga berilgan bo‘lsa, faxrli birinchi o‘rinni Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismdan kichik serjant Dadajonovlar oilasi egallab, mazkur tanlovning yakuniy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati