Nukusda oʻtgan Regbi-7 boʻyicha Oʻzbekiston kubogi va chempionati gʻoliblari aniqlandi

0
1135

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi “Turon” markaziy stadionida sportning Regbi-7 turi boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi va chempionati bahslari yakuniga yetdi. Gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Toʻrt kun davom etgan shiddatli va murosasiz bahslarda jamoalar epchillik, kuch, shijoat va gʻayrat namunasini koʻrsatib, regbi sport turining bor jozibasini namoyon etdi.

Eslatib oʻtamiz, zamonaviy regbi oʻyini 1823-yilda Angliyada paydo boʻlgan. Oʻzbekistonga ushbu sport turining kirib kelishining rasmiy tarixi 1969-yildan boshlanadi. 2014-yildan harbiy xizmatchilar oʻrtasida regbi Oʻzbekiston armiyasida ham keng ommalasha boshlagan. Shu yili Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻtkazilgan birinchi chempionatda 10 ta jamoa ishtirok etgan boʻlsa, 2015-yilda oʻtkazilgan ikkinchi chempionatdagi saralash bosqichining oʻzida 30 dan ortiq jamoa qatnashdi.

2014-yilda Oʻzbekistonda Regbi boʻyicha qaytadan tiklangan ayollar oʻrtasidagi olimpiya terma jamoasi 2014-yilda Inchonda oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida 7-oʻrinni egaladi. Nukusda oʻtgan musobaqada xam umumiy xisobda 9 ta, Nukus shahrida boʻlib oʻtayotgan chempionatning yakuniy 3-tur bahslarida esa 4 ta ayollar jamosi ishtirok etmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Regbi-7 boʻyicha mamlakat chempionati 3 turdan iborat boʻlib, musobaqaning soʻnggi turi Nukus shahrida boʻlib oʻtmoqda. 1-tur musobaqalari Toshkent shahrida, 2-tur musobaqalari Toshkent viloyatida boʻlib oʻtgan edi. Jamoalar oʻrtasida gʻolib va sovrindorlarni aniqlash uchun har bir turdagi ishtirokida yigʻilgan ochkolar umumlashtirilib, hisoblanadi.

Nukus shahrida oʻtkazilayotgan musobaqalarda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Namangan, Fargʻona, Andijon, Navoiy viloyatlaridan 4 ta ayollar va 9 ta erkaklar jamoalari ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston Mudofaa vazirligidan bu safar Toshkent va Sharqiy harbiy okruglardan ikkita jamoalari qatnashdi.

Eslatib oʻtamiz, Mudofaa vazirligiga qarashli Sharqiy harbiy okrugning “Jasorat” jamoasi besh yildan beri Regbi-7 boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlarida gʻolib boʻlib kelmoqda.

Kuchli raqobat ostida oʻtgan Oʻzbekiston chempionatining 3-tur yakuni boʻyicha Mudofaa vazirligining Toshkent va Sharqiy harbiy okruglari jamoalari birinchi va ikkinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 3-oʻringa Oʻzbekiston Milliy universitetining “Universitet” jamoasi egalik qildi.

Erkaklar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekston kubogi bahslarida 1-oʻrinni Toshkent shahri, 2-oʻrinni Fargʻona viloyati va 3-oʻrinni Xorazm jamoasi qoʻlga kiritdi. Shu yoʻnalishda ayollar oʻrtasidagi musobaqada 1-oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, 2-oʻrinni Namangan viloyati va 3-oʻrinni Xorazm viloyati jamoasi egalladi.

Uch turdan iborat boʻlgan Regbi-7 boʻyicha Oʻzbekiston chempioniga Oʻzbekiston Milliy universitetining “Universitet” jamoasi aylandi. Ikkinchi pogʻonadan qoraqalpogʻistonlik yigitlar joy oldi. Kuchli uchlikni xorazmlik yigitlar jamoasi yopdi. Ayollar oʻrtasidagi bellashuvlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi jamoasining qoʻli baland kelib, Oʻzbekiston chempioniga aylandi. Navoiylik qizlarga ozgina omad kulib boqmadi va ular jamoasi chempionatning 2-pogʻonasidan joy oldi. Uchinchi oʻrinni Oʻzbekiston Milliy universitetining “Universitet” jamoasi egalladi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkiliy qoʻmita va hamkor tashkilotlar tomonidan kubok, medal, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati