Milliy va jangovar ruh – mamlakat tinchligining asosidir

0
3401

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Milliy va jangovar ruh – muqaddas Vatan hamda mamlakat tinchligining asosidir” mavzusida ilmiy-uslubiy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi kuch tuzilmalarining 600 nafarga yaqin harbiy xizmatchilari hamda Ajiniyaz nomidagi Pedagogika instituti oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Konferensiya ishtirokchilarini Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov qutlab, bugungi globallashuv va dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyatning keskin oʻzgaruvchan davrida turli tahdid va xatarlarning ortib borayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Konferensiya davomida milliy va maʼnaviy ruh tushunchasiga tavsif berilib, uni shakllantirishda milliy qadriyatlar va anʼanalarning oʻrni va roli, inson kamolotida milliy ruh, iymon va eʼtiqod uygʻunligi, jangovar ruh va uni tashkil etuvchi asosiy elementlar, harbiy xizmatchilar va jamoalarda jangovar ruh va yuqori axloqiy-ruhiy sifatlarni shakllantirishning shakl va uslublari atroflicha tushuntirilib, multimedia vositalari orqali namoyon etildi.

Shuningdek, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Zahiriddin Muhammad Bobur singari mashhur ajdodlarimizning jang sanʼati, ular bilan yelkama-yelka birga turib jang qilgan jasur sarkardalarning mahorati, lashkarlarida mardlik va shijoat tuygʻularini shakllantirish yoʻlidagi boy tajribasi, zamonaviy urushlarda axloqiy-ruhiy tayyorgarlik va jangovar ruhni oshirish boʻyicha maʼruzalar tinglandi. Shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holati va jangovar ruhini oshirishda jangovar chaqiriqning oʻrni va roli ilmiy asoslab berildi.

Ilmiy-uslubiy konferensiya yakunida ishtirok etgan kuch tuzilmalari hamda oliy taʼlim muassasalar vakillari tomonidan konferensiyaning bugungi kundagi ahamiyati alohida eʼtirof etildi.

Mayor Temur Narziyev, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshligʻi