Sohibqironning jahon harbiy sanʼatiga qoʻshgan hissasi

0
6785

Qurolli Kuchlar akademiyasida “Sohibqironning jahon harbiy sanʼatiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy onlayn konferensiya oʻtkazildi.

Unda milliy va xorijiy tarixchi olimlar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar (AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Turkiya, Misr, Qozogʻiston, Tojikiston)ning ilmiy tadqiqot va taʼlim muassasalarining yetakchi mutaxassislari, shuningdek, respublikamiz kuch tuzilmalari va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirok etdilar.

Soʻzga chiqqanlar ulugʻ bobomiz davrida davlatchilik, qoʻshinlar tuzish, ilm-fan va sanʼat, adabiyot, tibbiyot, hattotlik va kutubxonalar rivojida katta oʻzgarishlar kuzatilganini, Yevropa va Osiyo xalqlarini yaqinlashtirgan qadimgi mintaqalararo “Buyuk Ipak yoʻli” yangi rivojlanish bosqichiga chiqqanini taʼkidladilar. Soʻnggi 600-yil ichida Amir Temur haqida Yevropa tillarida 900 dan va sharq tillarida mingdan ortiq asarlar yozilgani, 50 dan ortiq davlatlarda temurshunos olimlar, taniqli harbiy tadqiqotchilar ilmiy izlanishlar olib borayotgani eʼtirof etildi.

Xalqaro ilmiy onlayn konferensiyaning xulosalari va tavsiyalari harbiy xizmatchilarning bilimi va dunyoqarashini yanada kengaytirishga imkon yaratishi bilan yanada ahamiyatli boʻldi. Faol ishtirokchilar Mudofaa vazirligi hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbariyati tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Amir Temurga bagʻishlangan teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, anjomlar – chodir, sovut, qilich, kamon, bolta bosh kiyim hamda ilmiy vzvodning ilmiy ishlanmalari konferensiya ishtirokchilariga manzur boʻldi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti