Fargʻona, Navoiy va Termizda muddatli harbiy xizmatga otlangan oʻgʻlonlar tantanali kuzatildi

0
5837

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi PQ–140-sonli qaroriga muvofiq 8-aprel kuni joylarda Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Barcha sinovlardan oʻtib, maʼnan va jismonan sogʻlom ekanligini isbotlagan yigitlar birinchilar qatorida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida yigitlik burchini oʻtashga yoʻl olishmoqda.

Xususan, Fargʻona garnizonida joylashgan harbiy qismda barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, maʼnan va jismonan sogʻlom deb topilgan viloyat yoshlari muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun respublikaning turli viloyatlariga tantanali ravishda kuzatildi.

Tantanali kuzatuv tadbirida Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda yoshlar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar safda turgan alpqomat yigitlarga Vatanga, xalqiga munosib xizmatni qilish hamda sogʻ va omon, jismonan yetuk shaxs boʻlib qaytishlari haqida toʻxtalib oʻtishdi.

Shuningdek, shu kuni Navoiy garnizonidagi harbiy qismda ham Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarishga otlangan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatuv marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, viloyat hokimligi, Navoiy harbiy prokuraturasi, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda chaqiriluvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Tantanali marosimda soʻzga chiqqanlar Vatanni himoya qilishdek muqaddas va sharafli burchni bajarishga shay turgan oʻgʻlonlarga bukilmas iroda, soʻnmas matonat va kuch-gʻayrat tilashdi.

8-aprel kuni “Termiz” temir yoʻl vokzalida ham muddatli harbiy xizmatga otlangan bir guruh mard, jasur oʻgʻlonlarni kuzatishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyat hokimligi, viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasi, Termiz harbiy prokuraturasi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va keng jamaotchilik vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat boʻlimi aʼzolari, harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda Vatan himoyasiga otlangan askarlarga harbiy orkestr kuy-sadolari ostida “Armiya–hayot maktabi” kitobi, sanitariya-gigiyena vositalari jamlanmalari topshirildi.