Xorazmlik yoshlarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish boʻyicha maʼlumotlar berilmoqda

0
3501

Bugungi kunda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan maktablarda oʻqitilayotgan Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik faniga qaratilayotgan eʼtibor hamda mazkur fan boʻyicha sifatli taʼlim berish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, takomillashayotgan oʻquv-moddiy baza yosh avlod vakillarining dastlabki harbiy tayyorgarlikdan zarur bilim va koʻnikma olishini taʼminlamoqda.

Ayni kunlarda oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagini bildirgan yoshlar bilan viloyatning barcha umumtaʼlim muassasalarida targʻibot tadbirlari tashkil etilib, unda mavjud oliy harbiy taʼlim muassasalari va ularga oʻqishga kirish tartibi, oʻqishga kirishda nomzodlar bilan ikki bosqichda oʻtkaziladigan dastlabki tanlash tadbirlari, shuningdek harbiy xizmatchilarga belgilangan imtiyozlar xususida yoshlarga batafsil maʼlumotlar berilmoqda.

Yaʼni, dastlabki tanlash tadbirlarida birinchi bosqich yoshlar uchun – tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarda, harbiy xizmatchilar uchun – oʻz xizmat oʻtash joyida 1-fevraldan 31-martga qadar hujjatlarni toʻplash va oʻrganish, yakka tartibda suhbatlashish hamda birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tadbirlari amalga oshirilsa, mudofaa ishlari boʻyicha boshqarmalarida fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun 1-apreldan 31-mayga qadar amalga oshiriladigan ikkinchi bosqichda individual-psixologik oʻrganish, umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash, yakuniy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonlari oʻtkazilishi haqida tushunchalar berildi.

Maʼlumot sifatida taʼkidlash lozimki, harbiy-professional tanlash tadbirlari iyun oyida oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻtkaziladi. Unda hujjatlarni oʻrganish, psixofiziologik oʻrganish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish tadbirlari amalga oshirilib, umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash boʻyicha yozma imtihon qabul qilinadi.

Dastlabki tanlash hamda harbiy-professional tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar uchun davlat test sinovlari iyul-avgust oylarida respublikamizning barcha oliy taʼlim muassasalariga oʻtkaziladigan test sinovlari bilan bir vaqtda Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati