Jizzax garnizonida “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining dastlabki bosqichi o‘tkazildi

0
3331

Jizzax garnizonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovining dastlabki bosqichi o‘tkazildi. Unda harbiy qismlarda har jihatdan namunali, deb topilgan harbiy oilalar sog‘lom raqobat tamoyili asosida o‘z bo‘linmalarining sharafini munosib himoya qilishdi.

Tanlov nizomida belgilanganidek ishtirokchilar “Mustahkam oila jamiyat tayanchi”, “Ota oila ustuni”, “Ona mohir yaratuvchi”, “Farzandim dilbandim” hamda “Buyuk ajdodlar siymosi” kabi umumiy 5 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashishdi. Jumladan, “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” nomli birinchi shartda har bir oila o‘zining baxtli hayotidagi quvonchli lahzalarini turli sahna ko‘rinishlari hamda she’riy tarzda ifodalagan bo‘lsa, “Ota – oila ustuni” nomli navbatdagi shartda video tasvir va sahna ko‘rinishlar orqali bugungi davr otalarining vazifalari va oilaboshi sifatidagi mas’uliyatlarini aks ettirishga harakat qilishdi.

Shuningdek, keyingi shartlar ham murosasiz va qiziqarli bahslarga to‘la bo‘ldi. Xususan, “Ona mohir yaratuvchi” bahsida uy bekalari o‘zlarining istedodi va mahoratini nozik did bilan yaratilgan san’at asarlari orqali ko‘rsata olishgan bo‘lsa, “Farzandim – dilbandim” shartida harbiy oila farzandlari  sport, san’at, kitobxonlik hamda innovatsion loyihalar asosida yaratgan ishlanmalari orqali o‘z iqtidorlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Eng qiziqarli va tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘lgan  “Buyuk ajdodlar siymosi” shartida esa har bir oila o‘zbek xalqining tarixdagi buyuk siymolari, sarkardalari va bugungi avlodlarni sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berdi.

Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalarga ko‘ra g‘olib va sovrindorlarga qo‘mondonlik tomonidan ta’sis etilgan diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati