Samarqand hamda Navoiy viloyatining o‘quvchi yoshlari ilk marotaba jangovar qurolda amaliy mashq bajarishdi

0
4780

Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” dala-o‘quv maydonida Samarqand viloyati, “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonida esa Navoiy viloyatining umumta’lim maktablaridagi 10-11-sinf o‘quvchilari ilk marotaba jangovar qurolda o‘q otish mashqlarini bajarishdi.

Dastavval o‘quvchi yoshlar bilan jangovar qurollardan foydalanish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Jumladan, avtomat o‘qdonini patron bilan o‘qlash, aniq mo‘ljalga olishni o‘rganish, avtomatni to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarildi.

Otish qoidalari va xavfsizlik talablari bo‘yicha berilgan yo‘riqnomalardan so‘ng, har bir o‘quvchi nishonga qarata o‘q uzib, maktabda o‘tilgan Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlashdi.

Mashg‘ulot yakunida harbiy intizom va mohir merganlik borasida yuqori natija ko‘rsatgan har ikki viloyatning o‘quvchilariga harbiy okrug qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati