Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoshlar “Nukus” temir yoʻl vokzalida kutib olindi

0
3383

Fargʻona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, zaxiraga boʻshatilgan yoshlar “Nukus” temir yoʻl vokzalida tantana bilan kutib olindi.

Yigitlarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda askarlarning ota-onalari va yaqinlari kutib olishdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi kuylar xizmatdan qaytayotgan yigitlar hayoliga armiya saflarida oʻtgan quvonchli kunlarini, hayotga toblagan mashaqqatli mashgʻulotlarni, birga yelkama-yelka turgan safdoshlarni, pandu-nasihati bilan ustozga aylanib qolgan komandir va boshliqlarni yodga solgan boʻlsa, ajab emas.

Quvonchli kunlar Xoʻjayli tumanidagi “Shagʻalakoʻl” mahallasida ham roʻy berdi. Shu kuni Murod aka Saparov va Tamara aya Kushibayevaning kenja farzandi Jahongir Omirbayev muddatli harbiy xizmatni muvaffaqiyatli oʻtab, uyga yorugʻ yuz bilan kirib keldi.

Qariyb 5 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan ushbu mahallanining 2 mingdan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Oʻtgan yilda mahalladan ikki nafar oʻgʻlon muddatli harbiy xizmatga yoʻl olgan boʻlsa, bu yilgi ushbu koʻrsatgich qariyb uch barobar ortib, armiya saflariga ketuvchilar soni olti nafarni tashkil etdi.

Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni oʻtagan Jahongir namunali xulqi, askarlik davrida erishgan yutuqlari, test sinovlarida toʻplagan yuqori natijalari tufayli oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda imtiyoz beruvchi harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasi bilan taqdirlandi. Kelgusida ofitser boʻlishni niyat qilgan Jahongir hozirdan vaqtni boy bermasdan, Qurolli Kuchlar akademiyasiga oʻqishga kirish uchun tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati