Nukus garnizonida askarlar uylariga tantana bilan kuzatildi

0
5689

2021-yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan hamda Nukus garnizonida yigitlik burchini yorugʻ yuz bilan oʻtab boʻlgan askarlar uylariga tantana bilan kuzatildi.

Tantanali marosimda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi mintaqaviy boʻlinmalari hamda Faxriylar ishlari boʻyicha kengash aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Unda harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni uylariga qaytayotgan yigitlarni muddatli harbiy xizmat tugaganligi bilan samimiy qutlab, ona yurt oldidagi xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Harbiy okrug qoʻmondoni oʻz qutlovida safda magʻrur turgan askarlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati boʻylab “Mard askar – yoshlarga namuna” shiori ostida oʻtkazilgan 800 ga yaqin tadbirlarda faol ishtirok etganliklarini, shuningdek “Men gʻolib!” shior ostida oʻtkazib kelinayotgan “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovining 2021-yilgi yakuniy natijalari boʻyicha Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug muddatli harbiy xizmatchilari faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritganliklarini faxr bilan taʼkidlab oʻtdi.

Tantana davomida bir guruh muddatli harbiy xizmatchilar oliy taʼlim muassasalarga oʻqishga kirishda qoʻshimcha imtiyoz beradigan harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalari, qimmatbaho sovgʻalar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida Mudofaa vazirligi tomonidan askarlarga yaratilgan qulayliklardan unumli foydalangan 72 nafar yoshlarga haydovchilik guvohnomalari topshirildi. 70 nafarga yaqin yoshlar hayotini armiya bilan chambarchas bogʻlab, kelgusida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni davom ettirishga istak bildirdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligining sanʼatkorlari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Muddatli harbiy xizmatchilar harbiycha anʼanaga muvofiq safda tantanali marsh yurish bilan harbiy qism bilan xayrlashdilar.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati