Samarqand garnizonida “Namunali harbiy oila” aniqlandi

0
1713

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy oilalarni jamiyatda nufuzini oshirish, maʼnan sogʻlom oilalarda barkamol yosh avlodni tarbiyalash maqsadida bosqichma-bosqich “Mustahkam oila jamiyat tayanchi” shiori ostidagi “Namunali harbiy oila” koʻrik-tanlovi oʻtkazib kelinmoqda.

Kuni kecha Markaziy harbiy okrugning harbiy qism va muassasalarida ushbu koʻrik tanlovning dastlabki bosqichiga start berildi.

Samarqand garnizonidagi harbiy qismda oʻtkazilgan tanlovda 5 nafar harbiy oila ishtirok etib, “Mustahkam oila jamiyat tayanchi”, “Ota oila ustuni”, “Ona mohir yaratuvchi”, “Farzandim dilbandim” hamda “Buyuk ajdodlar siymosi” kabi 5 ta shart boʻyicha oʻzaro bellashishdi.

“Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” nomli birinchi shartda ishtirokchi oilalar oʻzlarining baxtli hayotining quvonchli lahzalarini, hayot, baxt va oila tushunchalarini ifodalab, barchada havas qilgudek taassurotlarni qoldirishdi.

Koʻrik tanlov shartlari Samarqand viloyatidagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakillari, drama teatri aktyorlari, psiholog, pedogoglar tarkibidan iborat hakamlar xayʼati tomonidan munosib baholanib borildi.

Koʻrik tanlovning yakuniy natijalariga koʻra eng yuqori ballarni qoʻlga kiritgan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar Maʼruf Ergashev oilasi harbiy okrug bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindorlarga faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

“Namunali harbiy oila” tanlovining yakuniy bosqichi 15-may – Xalqaro oila kuni arafasida oʻtkaziladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati