Bektemir yoshlari nuroniylar eʼtiborida

0
1238

Toshkent shahar Bektemir tumani hokimligida Mudofaa vazirligi faxriylar kengashi aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda keksa avlod vakillarining yoshlar tarbiyasidagi oʻrni, ularning boy hayotiy tajribalarini keng targʻib qilish, “Yoshlar – nuroniylar eʼtiborida” shiori ostidagi targʻibot ishlarini jadallashtirish, “10+1” loyihasi samaradorligini oshirish masalalari muhokama etildi. Uchrashuv yakunida faol faxriylar tuman hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Shundan soʻng uchrashuv hududdagi 289-ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabida davom etdi. Bu yerda faxriylar taʼlim jarayonlarining olib borilishi, oʻquvchilar va hudud yoshlarining boʻsh vaqtini samarali oʻtkazish boʻyicha faoliyat yuritayotgan sport toʻgaraklari, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, oʻz maslahatlarini berdilar.

– Yoshlarning hech biri begona emas. Azaldan ota-bobolarimiz, nuroniy onaxonlarimiz yoshlarga oʻz nasihatlarini berib, toʻgʻri yoʻl koʻrsatib kelishgan, – deydi Rahima Mirzayeva. – Hech qachon beeʼtibor boʻlib, qoʻl siltab qoʻyishmagan. Bugun biz nuroniylar bilan birgalikda mana shunday ezgu anʼanalarni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Hamisha oʻgʻil-qizlarimizning yonida boʻlib, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, muammolariga yechim topish, yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishiga yoʻl qoʻymaslik uchun bir boʻlib harakat qilishga tayyormiz.

Shu kuni faxriy nuroniylar va yoshlar oʻrtasida sport musobaqalari, davra suhbatlari oʻtkazilib, tashabbus doirasida olib borilayotgan ishlar hamda konsert dasturi namoyish etildi.

Roʻziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti