Mudofaa vazirligi rahbariyatining axboroti eshitildi

0
3344

2022-yilning 31-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi rahbariyatining “2021-yilda Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi toʻgʻrisidagi axborot”i eshitildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasining mutasaddi rahbarlari, Hisob palatasi hamda Moliya vazirligining masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasining majlis yigʻilishida Mudofaa vazirligi boʻlinmalarining birinchi rahbarlari taʼkidlab oʻtilgan masalalar boʻyicha bajarilgan ishlar yuzasidan axborot berdilar.

Majlisda taʼkidlanganidek, hisobot davrida Mudofaa vazirligi tomonidan Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan harbiy okruglardagi dala oʻquv maydonlari (poligonlar) infratuzilmasini takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha yoʻnalishiga zamonaviy va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni keng joriy etish, harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatni oʻtash uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilgan.

Majlisda Hisob palatasi, Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va vazirlikning ichki audit xizmati tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarining natijasi, shuningdek, hududlarga chiqqan holda ajratilgan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanganlik masalalari boʻyicha tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar ham muhokama qilindi.

Deputatlar tomonidan sohada yoʻl qoʻyilgan moliyaviy xato va kamchiliklar, uning kelib chiqish sabablari, mavjud moliyaviy xatoliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar ham tanqidiy koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining Mudofaa vazirligi tizimida byudjet mablagʻlaridan maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, byudjet sohasida moliyaviy xatoliklar va kamchiliklarni oldini olishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti