Nurobod yoshlarini bir joyga jamlagan festival

0
3308

Samarqand viloyatining Nurobod tumanida joylashgan 22-umumiy oʻrta taʼlim maktabida harbiy maʼmuriy sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

Festival avvalida tashrif buyurgan mehmonlar maktab hududida yangidan barpo etilgan Amir Temur byusti poyiga gul qoʻyishib, bogʻ hududiga yangi umidlar ila koʻchat ekishdi.

Shundan soʻng, maktab oʻquvchilari uchun “Turon Qoploni Jaloliddin Manguberdi” va “Buyuk Sohibqiron Amir Temur” kabi buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari, jang sanʼati, jasorati va vatanparvarligi aks ettirilgan hamda zamonaviy targʻibot vositalari va oʻsha davrga xos anjom-aslahalar bilan jihozlangan tematik sinflar foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, kun davomida “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov yoshlar bilan hayotiy tajribalarini oʻrtoqlashib, yoshlarimiz kelajakda vatanimiz taraqqiyoti uchun munosib hissalarini qoʻshishlariga ishonch bildirdi. Ertamiz egalari esa oʻzlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan harbiy orkestrning kuylari, faxriy qorovulning saf elementlari, harbiy xizmatchilarning qoʻl-jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari barchada iliq taassurot qoldirdi.

Festival yakunida besh muhim tashabbus doirasida oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari, faol yoshlar hamda fahriy ustoz murabbiylarga qoʻmondon tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti