“Doʻstlik – 2022”: oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvlari muvaffaqiyatli yakunlandi

0
3629

Oʻzbekiston va Hindiston davlatlarining harbiy hamkorlik doirasida uchinchi bor oʻtkazilgan “Doʻstlik – 2022” qoʻshma taktik oʻquv mashgʻulotlari Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning Xorazm viloyatida joylashgan “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbek-hind hamkorlikdagi maxsus-taktik oʻquvining asosiy kuniga qadar birgalikdagi oʻquvning gʻoyasi, choʻl sharoitida razvedka qidiruv harakatlarini olib borishning oʻziga xos xususiyatlari, shartli dushmanni qurshab olish va yakson qilishda boʻlinmalar bajaradigan vazifalarga oydinlik kiritildi.

Oʻquv rejasiga koʻra, uning asosiy qismi chegara naryadining muhim maʼlumotlarni yetkazishi bilan boshlanib ketdi. Unda shartli terroristik guruhlar tomonidan davlat chegarasini buzib oʻtilishi hamda gʻarazli niyatlarini amalga oshirilishi boʻyicha harakatlar bajarildi.

Oʻquv mashgʻulotini Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Hindiston Qurolli Kuchlari piyoda qoʻshinlari brigada generali Dipak Sharma, Hindistonning Oʻzbekiston Respublikasidagi harbiy attashesi polkovnik Nipun Anand hamda davlat va jamoat vakillari kuzatib bordi.

Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, hamkorlikda operativ shtab hamda yigʻma otryad tashkil etilib, oʻzbek-hind hamkorlikdagi kuchlari belgilangan hududda jangovar vazifani bajarishga kirishishdi.

Oʻquv mashgʻuloti davomida razvedka-qidiruv ishlari olib borilishi natijasida aholi yashash punktida noqonuniy qurollangan shaxslar harakati aniqlandi. Zarba-ishgʻol boʻlinmalari va ularning soni, tarkibi va qoʻriqlov tizimini aniqlash maqsadida hududda tun-u kun kuzatuv olib borildi.

Shundan soʻng hamkorlikdagi antiterror operatsiyasini oʻtkazishga kirishildi. Shartli dushmanning tirik kuchlari jangovar guruhlarning ishgʻol harakatlari natijasida yoʻq qilindi.

Uchinchi bosqichda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining jangovar vertolyotlari juftligi shartli dushman harakat qilayotgan texnika va tirik kuchiga havodan zarba berdi.

Shu bilan “Doʻstlik – 2022” oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquv mashgʻulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Oʻquvning yopilish marosimida faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar munosib taqdirlandi.

Mayor Timur NARZIYEV, Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV. Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti