Artilleriyachilar navbatdagi amaliy oʻquv mashgʻulotlarida

0
2780

Sharqiy harbiy okrug Fargʻona garnizonidagi harbiy qism shaxsiy tarkibi nazariy olgan bilimlarini amalda mustahkamlash maqsadida “Shoʻrsuv” dala oʻquv maydonidagi oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etishmoqda.

Harbiy okrug tasarrufidagi ushbu dala oʻquv maydoni artilleriya qoʻshinlari uchun amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishga juda qulay hisoblanadi. Koʻrinib turuvchi va yashirin nishonlarga oʻq otish, ularni yakson qilish, otish istehkomlarini almashtirish boʻyicha barcha murakkab mashgʻulotlar yurt posbonlari tomonidan yuqori aniqlikda bajarildi.

Dastavval nishonlar joylashgan hudud batareya katta ofitserlari tomonidan oʻrganib chiqildi. Nishonlarning koordinatasi maxsus oʻt ochishni boshqarish punktidagi asboblar xotirasiga kiritilib, taqsimiy hisob-kitoblar amalga oshirildi. Bular nishonlarga oʻq uzishning asosiy negizi hisoblanadi. Murakkab hisob-kitoblar jarayonida otish istehkomiga belgilangan nishonga oʻt ochish boʻyicha berilgan koʻrsatma aloqa vositalari yoki bayroqchalar orqali yetkazildi.

Belgilangan amaliy ishlar bajarilgandan soʻng artilleriya qurollaridan birin-ketin otish boshlandi. Unda turli masofalardagi nishonlarning yakson etilishi yurt himoyachilarining bilimlari amalda mustahkam ekanligini, yaʼni mahorati va qudratini yaqqol namoyon etmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati