“Yashirin” omikron xavflimi?

0
1413

Hozirgi kunda koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi oʻtkazilayotgan kompleks tadbirlar samarasi oʻlaroq, dunyo boʻyicha epidemik vaziyat birmuncha barqarorlashmoqda. Xorijiy ommaviy axborot vositalarining tarqatayotgan xabarlariga koʻra, bugungi kunda aksariyat mamlakatlar koronavirus infeksiyasini endemik kasallik sifatida tan olib, asosiy cheklovlarni, hatto niqob taqish tartibi va Covid-19 pasportlarini bekor qilish niyatida ekanligini maʼlum qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus komissiyaning bergan maʼlumotga koʻra, respublikada kasallikning tarqalish darajasi 0,4 koʻrsatkichni tashkil etmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlarining xulosasiga koʻra, bu koʻrsatkich 1,0 gacha boʻlsa, vaziyat barqarorligini anglatadi.

Aholi orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish yuzasidan epidemik holat biroz barqarorlashganligi sababli, joriy yilning 1-martidan boshlab ochiq havoda niqob taqish bekor qilindi, jamoat transporti va umumiy ovqatlanish obyektlarining umumiy sigʻimini 50%dan oshirmagan holda xizmat koʻrsatish majburiyati belgilandi. Kelgusida epidemik vaziyatdan kelib chiqib, cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

Dunyoda va qator mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi tufayli oʻrnatilgan cheklovlar asta-sekinlik bilan olib tashlanib, odamlar odatiy yashash tarziga qaytayotgan bir paytda Xitoy va ayrim Yevropa davlatlarida “Omikron” shtammining mutatsiyasi boʻlgan yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari qayd etilmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ayni damda yangi shtamm omikrondan koʻra yuqumliroq ekanligi, tez tarqalishi, kasallik nisbatan ogʻir asoratlar bilan oʻtayotganligi, xususan, oʻpka shikastlanish holatlari yuqoriligi kuzatilmoqda va epidemiyaga qarshi choralar muvozanati juda zaifligi aytilmoqda.

Natijada, Xitoy hukumati kasallikning keyingi tarqalishining oldini olish uchun qattiq cheklovlar kiritmoqda. Bemorlar bilan aloqada boʻlganlar majburiy karantinga olinmoqda, ayrim hududlarda esa “lokdaun” eʼlon kilindi.

“Omikron” shtammining mutatsiyaga uchragan yangi virusiga olimlar tomonidan shartli ravishda VA.2 “yashirin” deb nom berildi. Odatda viruslarning tabiati shundayki, ular tabiatda muntazam aylanib yurganligi sababli oʻzgarib turadi, yaʼni mutatsiyaga duchor boʻladi, natijada esa viruslarning yangi turi paydo boʻladi. Tabiiy tanlanishning bosimi ostida viruslarning faqat eng chidamli shakllari saqlanib qoladi. Bunday holatlarda viruslar orasida genlarning oʻzaro taʼsiri natijasida yangi rekombinant shakl vujudga keladi. Bu shtamm birinchi marta Buyuk Britaniyada 2022-yilning 21-yanvarida aniqlangan boʻlib, ushbu yangi virusga VA.2 “yashirin” deb nom berilishiga sabab, “Omikron” virusi ham mutatsiyaga uchrashi natijasida, aksariyat hollarda anʼanaviy “Polimeraz zanjirli reaksiya” testi bilan aniqlab boʻlmaydi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari fikricha, VA.2 “yashirin” koronavirusi tufayli yuzaga kelgan kasallikning qanchalik ogʻir darajada kechishini aniq baholashga hali erta, lekin birlamchi kuzatuvlar natijasida aksariyat hollarda yuqori isitma, yoʻtal, hid yoki taʼm hissi yoʻqolishi yoki zaiflashishi bilan namoyon boʻlmoqda. Kam hollarda esa asab tizimiga taʼsir qilishi, mushaklarda va buyrak sohasida ogʻriq kuzatilmoqda.

Immunologlar shuningdek, virus evolyutsiyasi davom etayotganini, omikron shtammi tez orada yana mutatsiyaga uchrashi va infeksiyaning navbatdagi toʻlqinini keltirib chiqarishidan ogohlantirmoqda. Kelajakda “VA.3” shtammi, potensial koʻproq patogen boʻlgan “Deltakron” va boshqa turlarini paydo boʻlishini inkor etib boʻlmasligi, shu bilan birga, yangi toʻlqinning “Omikron” singari kuchli boʻlishi dargumonligi, ammo u baribir sezilarli boʻlishini, vaqti kelib koronavirusga qarshi emlash rejali-mavsumiy boʻlib qolishini, ammo pandemiya hali tugamagani uchun bu haqda gapirishga ertaligini taʼkidlashmoqda.

Bundan tashqari ekspertlar va olimlarning taʼkidlashicha, yangi turdagi koronaviruslarga qarshi turishning eng samarali usuli bu vaksinatsiya ekanligi, yangi mutatsiyalar tufayli emlash muhim chora boʻlib qolayotganligini, barchani va yaqinlarini himoya qilishga hamda hoziroq “buster” vaksinalarini olishga chaqirmoqdalar.

Olimlar tomonidan oʻtkazilayotgan tadqiqotlardan olingan birlamchi maʼlumotlarga koʻra, yangi turdagi “mutant” koronaviruslarga qarshi turishning eng samarali usuli unga qarshi emlash ekanligi, emlanganlarda immunitetning davomiyligi oʻrtacha 6 oyni tashkil etishi taʼkidlanmoqda. Shu sababli immunitetni “qoʻllash, kuchaytirish” maqsadida 6 oy oʻtgandan soʻng, koronavirusga qarshi vaqsinalardan birini qoʻllagan holda “buster doza” bilan 1-marta qayta emlash tavsiya etilmoqda.

Ushbu tavsiyalarni inobatga olgan holda oʻzimizni va yaqinlarimizni kasallikdan himoya qilish maqsadida albatta kasallikka qarshi oʻz vaqtida emlanishimiz, odamlar koʻp toʻplanadigan joylarda niqobdan foydalanishimiz, orliq masofani saqlashimiz, muntazam ravishda sport bilan shugʻullanishimiz, toʻgʻri ovqatlanishimiz, ish va dam olish tartibini toʻgʻri tashkillashtirishimiz hamda gigiyena qoidalariga rioya qilishimiz nafaqat koronavirus infeksiyasidan, balki barcha yuqumli kasalliklardan himoya qilishini doimo esda tutmogʻimiz lozimdir. Zero, dono xalqimizda ajoyib bir maqol bor “Oʻzini asraganni yaratgan ham asraydi”.

Tibbiy xizmat podpolkovnigi J.SHAKIROV, Mudofaa vazirligi bosh sanitariya vrachi — sanitariya epidemiologiya nazorati markazi boshligʻi, tibbiy xizmat mayori T.TOSHPOʻLATOV, boʻlinma boshligʻi