Basketbol boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi chempionatga start berildi

0
2473

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 2-son Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sport markazi tomonidan tashkil etilgan basketbol boʻyicha ochiq chempionatga start berildi. Unda yurtimiz vakillari bilan bir qatorda qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan basketbolchilar bellashishmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimida Oʻzbekiston basketbol federatsiyasi, Mudofaa vazirligi sport markazi vakillari tomonidan ushbu chempionatning ahamiyati maʼlumot berildi.

Olimlarning xulosasiga koʻra, bolalikdan basketbol sporti bilan shugʻullanish natijasida inson genetikasi oʻzgarishi mumkin ekan. Basketbol oʻsmirlik davrida eng koʻp shugʻullanishi kerak boʻlgan sport turlaridan biri. Chunki insonning boʻydor va koʻrkam boʻlishida bu sportning ahamiyati katta, – deydi mayor Maqsud Muxamedov.

Musobaqaning ochilish marosimi harbiy orkestrning musiqa kuylari bilan boshlandi va turli raqs jamoalari ishtirokida dunyo raqslaridan namunalar ijro etildi.

Mazkur chempionatda 2007-2008-yillarda tugʻilgan oʻsmirlardan iborat 8 ta jamoa kuch sinashmoqda. Ushbu musobaqa yana bir necha kun davom etadi. Chempionat yakunida natijalar va gʻolib jamoa haqida maʼlumot beriladi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti