Kutilgan natijalarni berayotgan tadbirlar

0
883

Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.
Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.
Shu maʼnoda Mudofaa vazirligining Toshkent viloyati Ohangaron tumani, Bekobod va Olmaliq shaharlari hamda Sirdaryo viloyati Shirin shahrida joylashgan harbiy qismlarida harbiy xizmatchilar bilan navbatdagi sayyor qabullar oʻtkazildi.
Sayyor qabullar jarayonida qoʻshinlar qoʻmondoni boshchiligidagi ishchi guruh vakillari, Xalq qabulxonasi va harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlari hamda hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkilotlarining masʼul xodimlari ishtirok etishdi. Murojaatlar atroflicha oʻrganib chiqildi.

– Bugungi kunda xalq bilan uchrashib, joylarga chiqib ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholining roziligiga erishish har bir rahbarning bosh vazifasiga aylandi. Bu galgi sayyor qabullar jarayonida, 214 nafar harbiy xizmatchi tomonidan 220 ta masala oʻrtaga tashlandi. Ushbu murojaatlarning 140 tasi joyida hal etildi. 55 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi. 35 tasini hal qilish choralari koʻrilmoqda, – deydi qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov.
Xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad boʻlib, uning roʻyobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini taʼminlashga xizmat qilib kelmoqda.

Mayor Farruhbek SOTVOLDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti