Sariosiyoda harbiy xizmatchilar keksalar holidan xabar olishdi

0
2279

Mamlakatimizda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davlat dasturi ijrosi doirasida “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga izchillik bilan tadbiq etish choralari koʻrilmoqda. Bu borada Termiz garnizonida harbiy xizmatchilarning Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvvatlash vazirligining masʼul shaxslari bilan hamkorlikda uzoq yillar mahalliy davlat boshqaruvi idoralarida samarali mehnat qilgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari oilasiga yoʻqlov uyushtirildi.

Uchrashuv davomida faxriylarga bugungi kunda respublikamizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining erishayotgan yutuqlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi, ular bilan dildan suhbat qurildi.

Sariosiyo tumanining “Qalashtepa billur” mahalla fuqarolar yigʻinida 89 yoshni qarshi olgan Qarshi bobo Muhammadiyev va 102 yoshga kirgan Xolposhsho momo Darveshova holidan xabar olinib, suhbat qurildi hamda mehmonlarning sovgʻalari topshirildi.

Davra suhbati davomida Xolposhsho momo mehmonlarga oʻz minnatdorchiligini doira chertib, laparlar kuylab barchaning yuziga tabassum ulashdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni