Xazoraspda yoshlar festivali oʻtkazildi

0
2205

Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida joylashgan 10-sonli umumtaʼlim maktabda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.

Festival avvalida tadbir ishtirokchilari va faxriy mehmonlar maktabda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyati hamda oʻquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqishdi.

Shu kuni maktab maʼnaviy xazinasini boyitish, yoshlarimizni mard va Vatanga sadoqatli etib tarbiyalash maqsadida barpo etilgan va zamonaviy targʻibot vositalari bilan jihozlangan “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” va “Buyuk sohibqiron Amir Temur” kabi buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari, jang sanʼati, jasorati va vatanparvarligi aks ettirilgan muzey, “Vatanparvarlik”, “Maktabimiz faxri” va “Zamonamiz qahramonlari” kabi burchaklar foydalanishga topshirildi.

Festival doirasida ochiq muloqot va samimiy ruhda “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etildi. Shuningdek, faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari, harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qoʻl-jangi namoyishlari, harbiy orkestr ijrosidagi kuy va qoʻshiqlar hamda Xorazm milliy musiqalaridan iborat musiqiy chiqishlar barchada iliq taassurot qoldirdi.

Festival yakunida faol ishtirok etgan yoshlar va Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qoʻshinlar qoʻmondonining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti