“Turon” davlat harbiy teatrida yangi spektakl taqdimoti bo‘lib o‘tdi

0
1465

“Turon” davlat harbiy teatrida “Qirq qokilli kelinchak” spektaklining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Milliatimizga xos goʻzal udumlar, oʻlmas qadriyatlar ziynatini oʻziga xos tarzda tarannum qilgan ushbu asar yozuvchi Shahodat Isaxonovaning shu nomli hikoyasi asosida sahnalashtirildi.

Qishloqning kayvonisi boʻlgan Sora xola bosh egasi Dadavoy aka bilan koʻp yillardan buyon birga shod-xurram yashadi. Dadavoy aka doim uning koʻngliga qaraydi, hech qachon qattiq gapirmaydi. Unga Sora xola ham mos boʻldi. Lekin ikkisining ham baxti kemtik. Chunki… Chunki Alloh ularni farzanddan qisdi. “Bu yorugʻ dunyoni tark etsak ortimizda kim chirogʻimizni yoqadi, kim bizni yodga oladi, nahot nom-nishonsiz ketsak?!” Keyingi paytlar Sora xolaga mana shu oʻylar tinchlik bermasdi. Yoshlikda bilinmas ekan. Yosh oʻtgan sari shu haqda koʻp oʻylaydigan boʻlib qoldi. Dadavoy aka-ku koʻchaning odami. Tirikchilik tashvishidan qoʻli boʻshamaydi. Lekin kim biladi deysiz, u ham farzandsiz ekanligidan oʻkinar, shuning uchun uyda koʻp oʻtirgisi kelmas…

“Inson faqat farzand tufayli emas, balki yaxshi amali bilan ham xalq yodida qolish mumkin-ku”. Bir kuni xayoliga kelgan bu fikrdan Sora xolaning koʻngli yorishib ketdi. Shu kundan boshlab u ortidan yaxshi nom qoldirish yoʻllarini izlay boshladi va nihoyat oʻylab-oʻylab oʻsha yoʻlni topdi. Qishloqdoshlarini hayron qoldirib oʻz uyida “Qirq qokilli kelinchak” nomli sovchilik firmasini ochadi. Yaʼni savob ishga qoʻl urdi. Niyati ezgu – qishloqdagi boshi ochiq yoshlarning, beva erkak va ayollarning taqdirini birlashtirish! Bundan ortiq savob ish bormi dunyoda. “Axir baxt – boshqalarga kerakligingda. Sen shunday boʻlginki, qishloqda oz vaqt koʻrinmay qolsang, oʻrning bilinsin, izlab sogʻinishsin. Sen tufayli baxt topganlar butun umr “yaxshi inson edi” deya duolarida eslashsin”. Sora xola koʻnglida kechayotgan oʻylardan masrur boʻlib firmadagi ilk ish kunini boshladi…

Yengil yumor bilan yoʻgʻrilgan spektakldagi voqealar rivoji goʻzal insoniy tuygʻular va sof sevgiga asoslanadi. Eʼtirofga sazovor jihati, bu inja tuygʻular ortiqcha izhorlarsiz, ibo pardalariga oʻralgan holda nafis chizgilar bilan ifoda etiladi. Yaʼni sahna asarida sizu bizga qadrli boʻlgan ana shunday tuygʻular, kechinmalar, yolgʻiz qalb iztiroblari, mehr otligʻ bebaho neʼmat tarannumi bor. Siz qahramonalarning muhabbatini ularning begʻubor hatti-qarakatlaridan, koʻz qarashlaridan uqib olasiz. Qishloqning sodda va toʻpori insonlari obrazlarini elimiz suygan aktyor va aktrisalarning juda chiroyli va ishonarli tarzda ijro qilgani esa sahna asarining badiiy qimmatini yanada oshirgan.

Oddiy tomoshabin sifatida spektakldan olgan taassurotlarim bir olam. Aktyorlar kiyim-kechagi va sahna dekoratsiyasi ham oʻziga xos. Agar “Turon” davlat harbiy teatriga yoʻlingiz tushsa, ushbu spektaklni tomosha qilishni maslahat beramiz.

Shu kuni spektakldan soʻng bir guruh teatr ijodkorlari Xalqaro teatr kuni munosabati bilan Mudofaa vazirining buyrugʻiga binoan taqdirlandi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti