“Do‘stlik—2022”: Oʻzbekiston va Hindiston harbiylari sport musobaqalarida bellashishdi

0
1849

2019-yildan “Doʻstlik” shiori ostida oʻtkazilishi anʼana tusini olgan Oʻzbekiston hamda Hindiston Qurolli Kuchlari hamkorligidagi qoʻshma taktik oʻquvlarining uchinchisi ayni vaqtda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida boʻlib oʻtmoqda.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizning Hindiston bilan yaqin sherikchilik va doʻstona munosabatlarga asoslangan hamkorlik aloqalari yildan-yilga kengayib, samarali boʻlib bormoqda. Shu oʻrinda harbiy sohada ham oʻquv-jangovar vazifalarni bajarishning zamonaviy tajribasini oʻrganish hamda yangicha usul va uslublarini hamkorlikda ishlab chiqish, ularni xalqaro terrorizmga qarshi kurashishda keng tatbiq etish borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda.

Doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash hamda “Doʻstlik-2022” oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvlari ishtirokchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtishini tashkil etish maqsadida harbiy okrug tomonidan “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida qator sport tadbirlari, bellashuv va musobaqalar oʻtkazilyapti.

Jumladan, oʻzbekistonlik va hindistonlik harbiy xizmatchilar mini futbol, voleybol, stol tennisi kabi musobaqalar hamda shaxmat oʻyinida oʻz kuchlarini sinab, oʻrtoqlik bellashuvlarini oʻtkazdilar.

Aralash tarkibdan iborat jamoalar orasida arqon tortish va tosh koʻtarish kabi oʻzbek milliy oʻyinlari va bahslar mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Hindiston qurolli kuchlari vakillarida katta qiziqish uygʻotdi.

Chaqqonlik va chidamlilikni talab etuvchi harbiycha musobaqa, yaʼni uzunligi 20 metr masofadagi maydonda koʻmilgan bir nechta quvurlarga qoʻl granatalarni joylashtirish va yigʻishtirish musobaqasi murosasiz bahslarga boy boʻldi. Jamoalar oxirgi soniyalarga qadar kuchli raqobat koʻrsatib, gʻalaba uchun jiddiy kurash olib bordi.

Armiya biatloni yoʻlagida “Harbiycha estafeta” bahslari esa iroda va matonatning haqiqiy sinoviga aylandi. Unda har bir jamoadan ishtirok etgan olti nafar ishtirokchi belgilangan masofaga yuk mashinasining gʻildiragini agʻdarib borish, patron solingan qutilarni yelkasida olib oʻtish, avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish, shartli yaradorni zambil vositasida tashish hamda gazniqobni kiygan holda yugurish shartlarini shijoat bilan bajardilar. Vaqt mezoni hamda musobaqa nizomi talablari bilan baholangan ushbu bellashuv koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.

Gʻolib va sovrindorlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan kubok, medal, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati