Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri Samarqand shahrining tarixiy maskanlari bilan tanishdi

0
2854

Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Baktibek Bekbolotov boshchiligida harbiy delegatsiya Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi davomida koʻhna va navqiron Samarqand shahrining tarixiy maskanlari bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi yangidan qurib bitkazilgan Samarqand xalqaro aeroportida kutib olishdi.

Delegatsiya aʼzolari salkam 3000-yillik tarixga ega boʻlgan, hamisha navqiron Samarqandda saqlanayotgan va xalqimiz tomonidan asrlar davomida eʼzozlanib kelinayotgan arxeologik yodgorliklar va meʼmoriy obidalar bilan yaqindan tanishdilar.

Sayohat davomida ular shaharning qadimiy va serjilo meʼmorchilik obidalari, oʻrta asrlar davriga oid moviy gumbazli muazzam minoralar, oʻlmas obidalarga ega mazkur shaharning naqadar rivoj topganini va ajdodlarimizning bunyodkorligiga guvoh boʻlishdi.

Harbiy delegatsiya Samarqandga tashrif chogʻida Markaziy harbiy okrugda ham boʻlib, unda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Jumladan, tarix oʻquv binosi, axborot texnologiyalari oʻquv sinflari hamda jangovar mashgʻulotlar sinfida boʻlib, milliy armiyamizning qudrati har tomonlama yuksalib borayotganligini koʻrdi.

Tashrif yakunida mehmonlarga okrug qoʻmondonligining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati