«Do‘stlik-2022»: Hindistonlik harbiylarda “Yangiariq” umumqoʻshin poligonidagi imkoniyatlar katta qiziqish uygʻotdi

0
1986

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tasarrufidagi “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida “Doʻstlik-2022” uchinchi oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvi oldidan hindistonlik harbiylar “Sahrodagi oazis” deya nom olgan poligon infratuzilmasi bilan tanishib, tashkil etilgan oʻquv nuqtalarida oʻzbekistonlik hamkasblari bilan mashgʻulotlarda ishtirok etishdi.

Dastlab ishtirokchilar Mudofaa vazirligi boʻlinmalarini choʻl sharoitida tayyorlash markazi va uning oʻquv obyektlaridagi sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Harbiy topografiya, razvedka, otish va tibbiy tayyorgarliklar, shuningdek yashovchanlikni oshirish xonalaridan iborat oʻquv binosi, koʻrgazmali eksponatlardan iborat amaliy mashgʻulotlarni olib borishga moʻljallangan ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni taʼminlash shaharchasida yaratilgan sharoitlar ularda katta qiziqish uygʻotdi.

Taʼkidlash joizki, amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishga moʻljallangan ushbu shaharchada sahroda olov topish, suv topish va tozalash hamda zaxirasini yaratish, ov qilish va oziq-ovqat zaxirasini gʻamlash, ovqat tayyorlash, tibbiy yordam koʻrsatish, hududda boʻlinmalarning joylashuvi uchun pana joylarni jihozlash hamda niqoblash, kuzatuv ishlarini olib borish kabi oʻquv joylari barpo etilgan. Barcha obyektlar hududdagi mavjud mahalliy predmet va oʻsimliklardan qoʻlbola usulda yasalishiga, joyga mos holda niqoblanishiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shundan keyin oʻzbekistonlik harbiylar hindistonlik mehmonlar bilan havo hujumidan mudofaa, muhandislik, aloqa tayyorgarliklari hamda radiatsion, kimyoviy va biologik qurollardan muhofaza shaharchalarida yaratilgan oʻquv nuqtalarida zamonaviy qurol va aslaha, jangovar texnikalar hamda ulardan foydalanish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazishdi.

Shartli yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish, oʻqotar qurollardan samarali oʻq otishni oʻrgatish, optik va mexanik moʻljalga olish moslamalarini hozirlash va toʻgʻri moʻljalga olishga tayyorlash, qurollarni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish boʻyicha oʻquv nuqtalaridagi mashgʻulotlar mehmonlar diqqatini oʻziga tortdi.

Pichoq sanchishni oʻrgatishga moʻljallangan oʻquv nuqtasi haqiqiy musobaqa maydoniga aylandi. Mehmonlar va mezbonlar oʻzaro tajriba almashish asnosida bu mashgʻulotni yanada mukammal oʻrganishga, yangicha otish uslublarini qidirishga intildi.

Oʻqotar qurollardan amaliy oʻq otish joyida mehmon davlat vakillari pistolet, avtomat va merganlik qurolidan amalda oʻq otish mashqlarini bajardilar.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati