Nuroniylar Qashqadaryo viloyati yoshlari va harbiy xizmatchilar bilan muloqotda

0
4037

Yillar sabogʻini olgan insonlarning boy hayotiy tajribasini bugunning yoshlariga beshikast yetkazish davlat siyosati darajasiga koʻtarilib ulgurdi. Bugun joylarda nuroniylar va yoshlar oʻrtasida koʻplab oʻtkazilayotgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, samimiy muloqotlar fikrimiz isbotidir. Hayotning pastu balandini, har qanday mehnatning lazzatu zahmatini totib ulgurgan insonlar nasihatlariga doim ehtiyoj seziladi. Ayni shu sabab ham yoshi ulugʻlarimiz doimo eʼzozda, purmaʼno fikrlari esa yoshlarning maqsadlari uchun qoʻshqanot vazifasini oʻtamoqda.

Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvvatlash vazirligi masʼul xodimi Maʼmurjon Shukurov ishtirokida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi tasarrufidagi Muborak tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tumandagi bir nechta mahallalarda yoshlar bilan tadbirlar tashkil etildi.

Katta sport maydonida harbiy xizmatchilar tomonidan yoyilgan oʻquv nuqtalarida nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi.

Harbiy aslaha va anjomlarning ishlatilish tartibi haqida maʼlumot olayotgan yosh yigit-qizlarda yurtimizning mudofaa qudratiga ishonch hissi mustahkamlangani shubhasiz.

Shuningdek, tadbirlar sport musobaqalariga ulanib ketdi. Arqon tortish, tosh koʻtarish singari bellashuvlarda mahalla yoshlari hamda harbiylar faollik koʻrsatdilar.

Yoshlarga namuna koʻrsatish va beminnat nasihatlarini ulashishda faollik koʻrsatgan yoshi ulugʻlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Bundan tashqari Muborak tumanining Bobur mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 1944-yilda tugʻilgan Qahhor bobo Shodiyev hamda 1941-yilda tugʻilgan Oʻzbekiston Qahramoni Boʻron bobo Roʻziyevlar oilalariga ham tashriflar uyushtirildi.

Sermazmun suhbatlarda nuroniylar bugungi yorugʻ kunlarga shukronalar aytib, duolar qildilar.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati