Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri Qarshi shahrida boʻldi

0
6657

Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Baktibek Bekbolotov rahbarligidagi harbiy delegatsiyaning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida navbatdagi manzil Qarshi shahri boʻldi. Mehmonlar Qashqadaryo viloyat hokimi Murodjon Azimov hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov tomonidan Xonobod aerodromida kutib olindi.

Delegatsiya vakillari dastlab Qarshi shahrida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tomon yoʻl oldilar. Malakali harbiy uchuvchilarni tayyorlashga moʻljallangan oliygoh rahbariyati mehmonlarni bilim yurtidagi oʻquv laboratoriyalarining imkoniyatlari va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi. Qismlarga ajratilgan uchish apparatlarining har bir jihozini mukammal oʻrganishga imkon beruvchi laboratoriya sharoiti mehmonlar hayratiga sabab boʻldi. Shuningdek, mehmonlarga kursantlar tomonidan yaratilgan yangi innovatsion texnologiyalar ham koʻrgazmali ravishda namoyish etildi.

Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri tajribali ustozlar bilan suhbatlashib, haqiqiy parvoz hissini tuyish va samodagi harakatlarni yerda sinovdan oʻtkazishga moʻljallangan oʻquv trenajyorida parvoz qildi. Bilim yurti tarixi muzeyi, zamonaviy sport zallari, kursantlar oshxonasi, yotoqxonalardagi sharoitlar bilan tanishib, taʼlim muassasasi imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Shundan soʻng delegatsiya Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati shtabida boʻldi. Qoʻshinlarning tezkor va sifatli boshqaruvini taʼminlashga qaratilgan qoʻmondonlik punktida general-leytenant Baktibek Bekbolotov videokonferens aloqa orqali okrug harbiy xizmatchilari bilan suhbatlashib, ularga ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar bundan keyin ham yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Okrug shonli tarixi muzeyiga qilingan sayohatda mehmonlarga harbiy qudratimizning kecha va buguni oʻrtasidagi oʻzgarishlar, ulkan islohotlar haqida qimmatli maʼlumotlar berildi.

Yuksak martabali mehmon tashrif davomida olgan taassurotlari va tilaklarini faxriy mehmonlar kitobida yozib qoldirdi.

Tashrif yakunida okrug qoʻshinlar qoʻmondoni mehmonga esdalik sovgʻalarini topshirdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati