Harbiy tadqiqotchilarning yangicha loyihalari – amalda

4874

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi Ilmiy vzvodining 2021-2022-oʻquv yili faoliyati davomida ishlab chiqilgan loyihalarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Ilmiy vzvod shaxsiy tarkibining tadqiqiy loyihalari boʻyicha erishilgan natijalarni baholash va tahlil qilish maqsadida tashkil etilgan taqdimotda akademiya rahbariyati va professor-oʻqituvchilari, tinglovchilar, shuningdek, tadqiqotchilar, mustaqil izlanuvchilar ishtirok etdi.

Dasturga muvofiq, tadqiqotchilar oʻz ilmiy rahbarlari va mutaxassislar ishtirokida ilmiy loyihalarini birin-ketin asoslashga kirishdilar.

Qurolli Kuchlari akademiyasi ilmiy vzvodi muddatli harbiy xizmatchisi oddiy askar Ozodbek Hamdamov qurol-aslahalarning tavsifi, umumiy ishlash prinsipining “3D” koʻrinishini loyihalash boʻyicha ilmiy ishida yaratgan qurol-aslahalar animatsiyalarini oʻquv jarayoniga tatbiq etishni taklif qilgan boʻlsa tadqiqotchi oddiy askar Firdavs Qosimov esa yonilgʻi mahsulotlarini saqlashni takomillashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan “Fuyel control” qurilmasining dasturiy taʼminot va dispetcher oynasi uchun tayyorlangan alohida dasturini taqdim etdi.

Taqdimotda shu kabi koʻplab loyihalarning amaliyotga joriy qilinishi boʻyicha fikrlar almashildi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti