Qashqadaryoda targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda

0
5249

Ertaning porloq kelajagini qurish – bugunning yoshlarini ilmli, shijoatli hamda vatanparvar etib ulgʻaytirishdan boshlanadi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati kadrlar hamda harbiy-kasbiy saralash boʻlimi masʼul ofitserlari tomonidan Qashqadaryo viloyatining olis tumanlarida joylashgan maktablar va mahallalarda yoshlar bilan targʻibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Taʼlim maskanlari rahbariyati, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilarini ham jalb etgan holda qilingan maʼruzalarda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati yetkazildi.

Darhaqiqat, bugunning yoshlari oʻzlarining Vatan tayanchi ekanliklarini his etishlari, bu yoʻlda esa davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar eshiklarining ochilayotgani suhbatlarning diqqat markazida boʻldi.

Mutaxassislar tomonidan Respublikamizdagi oliy harbiy taʼlim muassasalari, ularga kirish uchun talablar, kursantlar hayoti va eng asosiysi, harbiylikning sharafli masʼuliyati haqida batafsil tushunchalar berildi.

Ertamiz egalarining yuksak ishtiyoq bilan berayotgan savollaridan ham ularning harbiylikka havasmand ekanliklarini sezish mumkin.

“Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi!” Oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar ana shu gʻoya isbotini keng targʻib etayotgani hamda kelajakdagi malakali harbiy kadrlarning sifatli saralanishiga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati