Bir guruh nuroniylar Sariosiyo yoshlari va harbiy xizmatchilar mehmoni boʻldi

0
2829

Xalqimiz keksalarni hamisha eʼzozlab, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatadi. Oramizda keksa nuroniylar borligining oʻzi ulugʻ neʼmat boʻlib, ularning pandu nasihati yoshlarimiz uchun bebaho xazinadir.

Ushbu jihatlar inobatga olingan holda Surxondaryo viloyatining olis hududlaridan biri Sariosiyo tumanida joylashgan harbiy qismda “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.

Uch avlod uchrashuvida Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvvatlash vazirligi maʼsul xodimi Maʼmurjon Shukurov, Sariosiyo tumani hokimi Abdusalom Xoʻjaqulov, Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik Alisher Shirinov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyati mintaqaviy boʻlimi aʼzolari, Yoshlar ishlar agentligi Sariosiyo tumani boʻlimi vakillari, nuroniy faxriylar, yoshlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Keksalarning tajribasi yoshlar uchun hayot maktabi. Ayniqsa, ularning qimmatli pandu-nasihatlari, hayot saboqlari yoshlarning shijoati bilan birlashsa, jamiyatni rivojlantiruvchi kuchga aylanadi. Qolaversa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun -mohiyatini yosh avlodga yetkazishda keksa avlod vakillarining alohida oʻrni bor.

Tadbir davomida nuroniylar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shinam va yorugʻ kutubxona faoliyati, buyuk sarkardalar Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi haqida hikoya qiluvchi tematik sinf xonalar va boshqa zamon talablariga mos jihozlangan oʻquv binolarini koʻzdan kechirishdi.

Dorbozlarning chiqishlari, tashkil etilgan turli sport oʻyinlari tadbir jozibasini yanada oshirdi.

– Bugun Qurolli Kuchlar safida hizmat qilish har bir oʻgʻlonning vatan oldidagi muqaddas burchi, shon-sharaf ishiga aylangan. Harbiylarimizning jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirish uchun yaratilayotgan sharoitlar esa maqtovga arzirli. Keksalarimiz harbiy qismdagi ana shunday qulayliklarni koʻzdan kechirishar ekan, har bir yosh bu imkoniyatlardan samarali foydalanishi lozim ekanligini taʼkidlab oʻtishdi. Ayniqsa, askarlarning turli jangovar chiqishlari nuroniylarni quvontirdi, – deydi Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik Alisher Shirinov.

Uch avlod uchrashuvi harbiy qism maʼnaviyat markazida davom etdi. Unda soʻz olganlar, oʻzlarining hayotiy tajribasi va kasbiy faoliyatlari haqida fikr-mulohozalar bildirishdi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining bir qator qaror va farmonlari, ularning mazmun-mohiyati haqida soʻzlab berildi.

Shuningdek, nuroniylar harbiy qism hududida tashkil etilgan issiqxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Bundan tashqari, sportsevar otaxonlar tomonidan ot sporti va arqon tortishi turlari boʻyicha mahorat darslari oʻtildi. Shuningdek, mahallalarda keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning boy hayotiy tajribasi yoshlarga har jihatdan namuna boʻlishi, sogʻlom turmush tarziga amal qilish boʻyicha ham fikrlar bildirildi. Mahallalarda yoshlarga pand-nasihatlari bilan tarbiya berib kelayotgan bir guruh faol keksalar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni