“Eng ilgʻor jangchi-2022”: gʻoliblar munosib kutib olindi

1473

Joriy yilning 17—24-mart kunlari AQSHning Missisipi shtati, “Camp Shelby” harbiy oʻquv bazasida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi-2022” musobaqasida gʻoliblikka erishgan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjantlar Abdurasul Tuygʻunov va Abdumalik Abdurahmonov yurtimizga qaytib kelishdi.

Bugun, 26-mart kuni erta tongda gʻoliblar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomli xalqaro aeroportda tantanali ravishda kutib olindi.

Marosimda Mudofaa vazirligi markaziy apparati va Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar hamda “Eng ilgʻor jangchi-2022” musobaqasi gʻoliblari Abdurasul Tuygʻunov va Abdumalik Abdurahmonovning yaqinlari ishtirok etdi.

Harbiylarimizning yutugʻi mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samarasi, deya eʼtirof etildi. Qalbida vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusi boʻlgan harbiy xizmatchilar musobaqa davomida 10 ta yoʻnalish boʻyicha 20 dan ortiq shartlarni oʻzida jamlagan sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, 3 marotaba rekord natijalar ham qayd etishdi.

Soʻzga chiqqanlar bildirilgan ishonchni oqlab, yurt shaʼni, milliy armiyamiz kuch-qudrati va salohiyatini okean ortida sharaf bilan himoya qilgan hamda gʻoliblikka erishgan har ikkala qahramon, uning yaqinlari hamda safdoshlari haqida iliq fikrlar bildirishdi.

Harbiy orkestrning tantanali musiqiy taqdimotlari marosim ishtirokchilariga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti