“Eng ilgʻor jangchi-2022”: harbiy xizmatchilarimiz AQSHda gʻolib boʻlishdi

0
2125

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjantlar Abdurasul Tuygʻunov va Abdumalik Abdurahmonov joriy yilning 17—24-mart kunlari AQSHning Missisipi shtati, “Camp Shelby” harbiy oʻquv bazasida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi-2022” musobaqasida ishtirok etishdi.

Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi.

 

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni oʻz ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zoʻriqish yoʻlagidan oʻtish, tunda 15 km masofaga oriyentirlash, 15 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam boʻlmagan soʻz), artilleriya olovini boshqarish, AQSH namunasidagi oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga yoyish, yigʻish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda oʻq otish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar.

Musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari yuqori intellektual salohiyati, jismonan chiniqqanligi hamda gʻalabaga boʻlgan ishonchi bilan ishtirokchilar orasida yaqqol ajralib turdi hamda eng yuqori natijalarni koʻrsatgan holda gʻolib boʻlishdi.

Mazkur musobaqada oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 va 2021-yillarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻolib boʻlishgan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti