«Navoiy nazmida Navroʻz» mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi

0
1070

Yurtimizda sharqona yangi yil “Assalom, Navroʻz – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostida keng nishonlab kelinmoqda. Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Navoiy nazmida Navroʻz” deb nomlangan madaniy-maʼrifiy va adabiy kecha oʻtkazildi.

“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida oʻtkazilgan ushbu madaniy kechada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, oliy harbiy taʼlim muassasasi kursantlari, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini oʻzida yaqqol mujassam etgan, ona tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida toʻla namoyon qilib kelayotgan Navroʻzi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Nuriddin Aminjon, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Mirzo Karim buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning nazmiy asarlarida Navroʻz ayyomining oʻziga xos talqini xususida soʻz yuritdi.

Shundan soʻng Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari oʻzbek folklori namunalaridan ijro etib, tadbirga oʻzgacha fayz kiritdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti