Harbiy institutda ilmiy-uslubiy konferensiya oʻtkazildi

1081

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida murakkab sharoitlarda harbiy xizmatchilarning ruhiy holatini oʻrganish maqsadida “Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining jangovar ruhini oshirishda psixologik va pedagogik omillar” mavzusida respublika ilmiy-uslubiy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Ilmiy-uslubiy konferensiyada Qurolli Kuchlar barcha kuch tuzilmalari, oliy harbiy bilim yurtlari professor-oʻqituvchilari, Jamoat xavfsizligi universiteti, Qurolli Kuchlar harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari, shuningdek, respublikamizda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Bugungi kunda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi barcha kuch tuzilmalar faoliyati samaradorligini yanada oshirish ustuvor vazifa sifatida eʼtirof etilmoqda.

Konferensiyada soʻzga chiqqanlar mazkur sharoitlarda harbiy xizmatchilarda vatanparvarlik fazilatlarini, milliy gʻurur tuygʻusi va jangovar ruhni oshirish, Vatan himoyasi yoʻlida jonini fido qilishga tayyor boʻlgan mard va jasur jangchilarni tarbiyalash eng muhim vazifa ekanligini taʼkidlab oʻtishdi.

– Agar askarlarning jangovar ruhi past boʻlsa, ular jangga kirishdan qoʻrqsa, dushmanni yengishga va gʻalabaga ishonchi boʻlmasa, jangovar vazifani bajara olmaydi. Buni qurolli nizolar kechayotgan ayrim mamlakatlarning achchiq tajribasi misolida koʻrishimiz mumkin, – deydi podpolkovnik Fayzulla Shermatov.

Anjumanda buyuk sarkarda ajdodlarimiz tomonidan qoʻshinning jangovar ruhini koʻtarish boʻyicha qoʻllangan usullar misol tariqasida aytib oʻtildi hamda uning natijasi gʻalaba boʻlgani taʼkidlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti