“Doʻstlik-2022”: Xorazmda oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvlariga start berildi

0
1781

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida Oʻzbekiston va Hindiston davlatlarining harbiy hamkorlik doirasida uchinchi marta oʻtkazilayotgan “Doʻstlik-2022” oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvlari start oldi.

Bugun Oʻzbekiston koʻplab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, harbiy va harbiy-texnik masalalarda rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida tarixiy va madaniy aloqalar, mamlakatlarimiz xalqlarining doʻstona rishtalari hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan boʻlib, bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan hamkorlik ikki tomonlama keng qamrovli munosabatlarning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.

2019-yil mamlakatimiz hududida oʻzbek-hind hamkorligida oʻtkazilgan “Doʻstlik–2019” birinchi taktik oʻquv mashgʻulotlari Hindiston bilan harbiy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilgʻor tajribalar bilan almashish imkonini bergan edi.

Navbatdagi qoʻshma oʻquvlar 2021-yil Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” oʻquv markazida oʻtkazilgan boʻlib, unda terrorizmga qarshi kurashish masalalariga qaratilgan jangovar oʻquv operatsiyalarda ishtirok etish orqali ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tajribalar almashinuvini yanada mustahkamlashga erishildi.

“Doʻstlik-2022” oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvi birinchi marotaba xorijiy mamlakat armiyalari ishtirokida 2021-yil kapital taʼmir va rekonstruksiyadan chiqqan hamda jangovar tayyorgarlikda xalqaro miqyosdagi tadbirlarni oʻtkazish imkoniga ega boʻlgan zamonaviy qoʻrinishdagi “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston va Hindiston harbiy xizmatchilari ishtirokida oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvi oldidan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida konferensiya oʻtkazildi.

Unda ikki mamlakat Qurolli Kuchlari vakillari oʻz davlatlarining tarixi, madaniyati, hududiy boʻlinishi, urf-odat va anʼanalari, harbiy salohiyati va mudofaa qudrati, armiyaning tashkiliy tuzilmasi haqida maʼlumot berishdi.

Xususan, tadbirda oʻtkazilishi rejalashtirilgan hamkorlikdagi oʻquvning gʻoyasi, choʻl sharoitida razvedka-qidiruv harakatlarini olib borishning oʻziga xos xususiyatlari, shartli dushmanni qurshab olish va yakson qilishda boʻlinmalarning harakatlari haqida maʼruzalar tinglandi.

Hamkorlikdagi oʻquvning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston va Hindiston respublikalarining davlat madhiyalari yangrab, ikki mamlakat bayroqlari koʻtarildi.

Marosimda ishtirokchilarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov qutladi va soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, mehmonlarni Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari Mahmudjon Umurzakov qutlab, oʻz nutqida Oʻzbekiston ahli Hindistonni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan boʻlgan va oʻz maqsadlari yoʻlida dadil borayotgan mamlakat sifatida bilishini taʼkidladi.

Hindiston harbiy kontingenti nomidan tadbirda ishtirok etgan piyoda qoʻshinlarining vakili mayor Mudassar Javiad Vani Oʻzbekistonga kelishi bilan ular iliq kutib olingani uchun harbiy okrug qoʻmondonligiga tashakkur bildirib, uch yildan beri oʻtkazilayotgan mazkur hamkorlikdagi mashgʻulotlar Hindiston va Oʻzbekiston davlatlarining joʻshqin strategik hamkorligini aks etttirib, mustahkam oʻrnatilgan aloqalar xalqaro terroristik xavf-xatarlarga qarshi kurashning yangi bosqichiga olib kelishini bildirdi.

Tantanali tadbirda faxriy qorovul vzvodining saf elementlari hamda bir guruh harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Hindistonlik mehmonlar tashrifining ikkinchi kuni yakunida konsert dasturi namoyish etildi. Unda Xorazm viloyatining taniqli xonandalari tomonidan oʻzbek hamda hind tillarida yangragan kuy va qoʻshiqlari barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Shundan keyin qoʻshma taktik oʻquvi ishtirokchilari uchun harbiy texnikalarni saqlash parkida qurol-aslaha va harbiy texnikalardan foydalanish qoidalari hamda texnika xavfsizligi talablarini yetkazish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulot tashkil etildi. Unda mehmonlarga Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida mavjud boʻlgan qurol-aslaha va jangovar texnikalar tanishtirildi.

Ikki davlat harbiy xizmatchilarining shartli terroristik guruhlarni qidirib topish, yoʻq qilish kabi maxsus vazifalar hamda sport va madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan mazkur hamkorlikdagi mashgʻulotlar shu yilning 31-mart kuniga qadar davom etadi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati