Boʻstonliqda toʻyga ulanib ketgan Navroʻz sayli oʻtkazildi

0
3131

Yangilanish, yasharish bayrami – Navroʻzi olam munosabati bilan Boʻstonliq tumanida joylashgan “Tong” bolalar oromgohida tantanali bayram sayli tashkil etildi.

Bayram saylida mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilarining oila aʼzolari tomonidan tayyorlangan turli badiiy dasturlar, jumladan kelin salom, lapar aytish, okrug harbiy qismlari oʻrtasida oʻtkazilgan turli hududlarning milliy taomlarini tayyorlash boʻyicha tanlov tantana shukuhini yanada oshirdi.

Ushbu tanlovda Andijon milliy taomlarini tayyorlagan bekalar gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin esa Toshkent milliy taomlariga nasib etdi. Uchinchi oʻrinni bir nechta hududlar boʻlishib oldi.

Bayram saylida arqon tortish, bolajonlar oʻrtasida varrak uchirish, tosh koʻtarish, shashka va shaxmat hamda boshqa milliy sport oʻyinlari boʻyicha ham musobakaqar oʻtkazildi. Gʻoliblar okrug qoʻmondonligi tomonidan esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Koʻtarinki ruhda oʻtgan bayram tantanasida 5 nafar kam taʼminlangan oilalar farzandlarining xatna toʻyi ham oʻtkazib berildi. Toshkent harbiy okrugi qoʻmondoni va Boʻstonliq tumani hokimi toʻy bolalarga turli sovgʻalar topshirdilar. Bayram dasturxoniga sumalak va milliy taomlar shohi palov tortildi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati