Nukus garnizonida katta Navroʻz sayli

0
3384

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Sharqona yangi yil – Navroʻz, yasharish va yangilanish bayrami Nukus garnizonidagi barcha harbiy qism va muassasalarni, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini bir joyga birlashtirib, oʻzgacha ruhda nishonlandi.

Nukus garnizoni hududida oʻtkazilgan saylda ishtirokchilarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov qutladi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binosi oldida oʻtkazilgan bayram saylida har bir harbiy jamoa maʼlum hududlarni bayramona bezash, shodiyona ruhini yanada koʻtarishga harakat qildi.

Doshqozonlarda bayramning bosh taomi – sumalak milliy qoʻshiqlar sadosi ostida pishirildi. Bu yilgi bayram saylida 14 ta qozonda sumalak osilib, oʻziga xos rekord oʻrnatildi.

Milliy taomlar koʻrgazmasi haqiqiy “jang maydoni”ga aylandi. Zero, har bir jamoa ayollari noz-neʼmatlar bilan dasturxonlarni bezatishda bir-biridan oʻzishga harakat qildi.

Taomlar koʻrgazmasidan tashqari, ishtirokchilar har bir viloyatning milliy liboslari, kuy va qoʻshiqlari, anʼana va udumlari, tarixiy osori-atiqalari bilan ham barchani lol qoldirishga intildi.

Oʻsib kelayotgan yosh avlodga milliy urf-odat va anʼanalarimizni yetkazish, ular qalbida ajdodlarimizdan qolgan boy merosga chuqur hurmat va ehtirom ruhini uygʻotishga qaratib bayram saylida qator milliy oʻyin va bahslar tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari oʻrtasida oʻtkazilgan milliy kurash, arqon tortish, tosh koʻtarish, stol tennisi, mini futbol, voleybol bahslarida yurtimizda azaldan polvonlar yetishib kelayotgani namoyish etildi.

Milliy anʼanalarimizga mos tarzda bolajonlar oʻrtasida oʻtkazilgan rasm chizish, arqon tortish, varrak uchirish, shaxmat-shashka musobaqalarida kuchli raqobat muhiti sezilib, barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.

“Qarab tep” xalq oʻyini (oldingi lanka) bir necha asrlar mobaynida xalq sayillarida, “Navroʻz” bayramlarida muntazam ravishda oʻynaladi. Bugun zamonaviy texnologiyalar asrida, ayniqsa shaharda istiqomat qiladigan yoshlar oʻrtasida oʻynalmay qolgan ushbu oʻyin ham bayramda katta qiziqish bilan oʻynaldi.

Harbiy jamoalar oʻrtasida oʻtkazilgan osh pishirish musobaqasi yurt himoyachilarining pazandalik sirlaridan boxabar ekanini koʻrsatdi. Musobaqada mamlakatimizning turli hududlarida oʻziga xos tarzda va har xil usullarda damlanadigan milliy taomimiz namoyish etildi.

Qadimiy va boqiy bayram – Navroʻzga bagʻishlangan saylda jajji bolalar uchun oʻrnatilgan atraksionlar ularning mazmunli dam olishini taʼminlab berdi. Sirk artistlari tomonidan koʻrsatilgan shoular, dorbozlar oʻyini, masxarabozlarning qiziqarli chiqishlari bolajonlarning quvonchiga quvonch ulashdi.

Ikki kun davom etgan saylda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bagʻishlab, shodlik ulashdi.

Musobaqalarda ishtirok etgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan munosib taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati