“Doʻstlik-2022”: hindistonlik harbiylar hamkorlikdagi oʻquvlarda ishtirok etish uchun Xorazmga yetib keldi

0
2968

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida imzolangan 2021-2022-yilga moʻljallangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq hindistonlik bir guruh harbiy xizmatchilar kecha, 22-mart kuni “Doʻstlik-2022” oʻzbek-hind oʻquvida ishtirok etish uchun Toshkentga va undan keyin Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi transport aviatsiyasi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan maxsus reys orqali Urganchga yetib kelishdi.

Mehmonlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Urganch xalqaro aeroportidan oʻzbekona urf-odat va anʼanalarga mos tarzda kutib olindi. Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov mehmonlarni shu aziz zaminga kelgani munosabati bilan samimiy qutladi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston–Hindiston harbiy xizmatchilari ishtirokidagi dastlabki “Doʻstlik–2019” hamkorlikdagi oʻquvlari 2019-yilning noyabr oyida Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” umumqoʻshin poligonida boʻlib oʻtgan edi. Ikkinchi bor ushbu mamlakatlar harbiy xizmatchilari bir yildan soʻng, 2021-yilning mart oyida Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” oʻquv markazida birgalikda oʻquv-jangovar vazifalarni bajarishgan.

Shuningdek, 2021-yilning dekabr oyida hamkorlikdagi uchinchi oʻquvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Hindiston harbiy delegatsiyasi Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqoʻshin poligoniga tashrif buyurgan edi.

Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston koʻplab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, harbiy va harbiy-texnik masalalarda rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda.

Mamlakatimizga hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquvida ishtirok etish va harbiy sohada oʻzaro tajriba almashish maqsadida kelgan mehmonlar barcha sharoitlar muhayyo etilgan “Yangiariq” umumqoʻshin poligoniga joylashtirildi.

Oʻquvlar davomida ikki davlat vakillari oʻquv-jangovar mashgʻulotlaridan tashqari madaniy-hordiq, oshpazlik mahorati namoyishi hamda bir qator boshqa tadbirlarda ishtirok etishi belgilangan.

Mayor Timur NARZIYEV, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshligʻi