Navroʻz harbiy xizmatchilar va ularning oilalariga qoʻshaloq shodiyona boʻldi

0
3610

Ayyom shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Pachkamar qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda 96 ta xonadonni oʻz ichiga olgan 2 qavatli 4 ta xizmat uylari harbiy xizmatchilar ixtiyoriga topshirildi.

Farovon turmush uchun zarur qulayliklarga ega 2 va 3 xonali xonadonlarda barcha shart-sharoitlar muhayyo. Issiq, sovuq suv, gaz va elektr taʼminoti hech bir shahar imkoniyatlaridan kam emas.

Xizmat uylarini egalariga tantanali topshirish marosimida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, viloyat hokimligi, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Soʻz olganlar barchani bayram bilan tabriklab, yangi uy sohibu-sohibalariga farovon hayot tiladilar. Xonadon kalitlarini qabul qilib olayotgan oilalar quvonchi bir olam boʻldi.

Bolalar maydonchalari, dam olish maskanlari, savdo doʻkoni, zamonaviy bolalar bogʻchasini oʻz ichiga olgan maskan mitti shaharchani yodga soladi. Tadbir jarayonlari Navroʻz sayliga ulanib ketdi. Oʻnlab qozonlarda osh musobaqalari, sumalak sayli, milliy taomlar koʻrgazmasi kabi qalbga bahoriy iliqlik olib kiruvchi tantanalarda mahalla ahli, otaxonu-onaxonlar, bolajonlar haqiqiy bayram zavqini tuydilar.

“Tinch yurtga bayramlar yarashadi” – deydi dono xalqimiz. Ushbu shodiyona ham Vatanimiz tinchligi, dasturxonimiz toʻkinligi, xalqimizning shukronada ekanini koʻz-koʻz yetgani sabab taassurotlarga boy boʻldi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati