Olis garnizonda Navroʻz shukuhi

0
1577

Yangilanish va yasharish bayrami – Navroʻzi olam oʻlkamizning eng olis hududlarida yurtimiz himoyasida turgan harbiy xizmatchilar oilalarida ham shodon qarshi olindi.

Nukus garnizonida joylashgan harbiy shaharchada bu yilgi sharqona yangi yil bayrami oʻzgacha ruhda, koʻtarinki kayfiyatda kutib olindi. Milliy va ommaviy sport oʻyinlari, qoʻshiq, sheʼr, laparlar va askiya aytishlar, doshqozonlarda milliy taomlar hamda bayramning bosh taomi boʻlmish sumalak pishirish turli hududlardan kelgan harbiylarning oilalarini birlashtirdi.

Oʻzbek xalqining allomalaridan biri Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida Quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi toʻgʻrisida soʻzlab: “Bu oyning birinchi kuni Navroʻzdir”, – deydi. Navroʻz yilning birinchi kuni boʻlib, yangi kun, degan maʼnoni anglatadi.

Navroʻz eronliklar “zij”lari boʻyicha oʻtmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga toʻgʻri kelar edi. Soʻngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan boʻldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, yaʼni bahor yomgʻirining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, oʻsimlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navroʻz olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan, deya izohlaydi.

Bu yil ham bahorning oʻlkamizga tashrifida goʻzalliklar, koʻrkamliklar, jannatmonand yaratuvchiliklar, yangilanishlarda namoyon boʻlmoqda. Yurtimizda bahorning tashrifi avvalo, tabiat qoʻynidan boshlanadi.

Bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashish uchun kelgan sirk artistlarining qiziqarli chiqishlari, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestri hamda mahalliy sanʼatkorlar ijrosidagi kuy va qoʻshiqlar bayram sayliga chiqqan harbiylar oilalariga xush kayfiyat ulashdi.

Sport va milliy oʻyinlar musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlganlar harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan munosib taqdirlarndi.

Bayram munosabati bilan harbiy shaharchaning sport maydonchasida dasturxon yozildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati