Vatanparvarlikni shakllantirish yoʻlidagi ezgu ishlar

0
5284

Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir! Ushbu ezgu gʻoyani yoshlar ongiga singdirish borasida joylarda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi bir nechta maktablarda oʻquvchilar bilan suhbatdosh boʻlishdi. Shuningdek, yurt himoyachilari maktablarda “Vatan – aziz, jasorat mangu!” burchaklari, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik va vatanparvarlik sinflarini tashkil etib, jihozlashmoqda.

“Hoji” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 12-umumiy oʻrta taʼlim maktabining kirish qismida yurt tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi uchun kechgan toʻqnashuvlarda aziz jonini fido qilgan mard oʻgʻlonlar haqida maʼlumot beruvchi “Vatan – aziz, jasorat mangu!” burchagi yaratildi. Katta qiziqish va zehn bilan tomosha qilayotgan oʻquvchilarda ular kabi sadoqatli boʻlish istagi uygʻongan boʻlsa ajab emas.

Maktabning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinfi ham qayta taʼmirlanib, sohaga oid koʻrgazmali jihozlar bilan boyitildi.

Xuddi shu mazmundagi bajarilgan ishlar Kitob tumanining 4-umumiy oʻrta taʼlim maktabini ham boyitdi.

Ertamiz egalarining yuksak vatanparvarlik ruhida ulgʻayishidek yagona oliy maqsad uchun bajarilayotgan bu kabi ishlar respublikamiz boʻylab keng koʻlamda davom etmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati