Qoraqalpogʻiston oʻgʻlonlari yigitlik burchini oʻtashga yoʻl oldi

0
1865

Qoraqalpogʻiston Respublikasidan chaqiruv yoshiga yetib, belgilangan saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan, sogʻligi jihatidan harbiy xizmatga yaroqli boʻlgan navbatdagi bir guruh yoshlar armiya saflarini toʻldirish uchun kuzatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining harbiylashtirilgan boʻlinmalarida muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun yoʻl olgan mard oʻgʻlonlarni tantanali kuzatish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda chaqiriluvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Tantanada soʻzga chiqqanlar ona Vatanni qoʻriqlash har bir yigit kishining muqaddas burchi ekani, bunday masʼuliyatli vazifa eng sara oʻgʻlonlarga nasib etishini taʼkidlashdi. Harbiy xizmatga joʻnab ketayotgan qoraqalpogʻistonning mard va jasur oʻgʻlonlariga yuksak ishonch bildirib, omadlar yor boʻlishini tilashdi.

Baramona tushlikdan keyin chaqiriluvchilar Nukus temir yoʻl vokzali orqali muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun belgilangan joylarga joʻnab ketishdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar hamda Milliy gvardiya maxsus boʻlimining qoʻl jangi elementlari bilan chiqishlari yigʻilganlarga bayramona kayfiyat tuhfa etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati