Nukus garnizonidagi harbiy qism yordamchi xoʻjaligida birinchi hosil terib olindi

0
2523

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalarga biriktirilgan boʻsh yerlardan daromad manbai sifatida unumli foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini keng tatbiq etish maqsadida parrandachilik, dehqonchilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Jumladan, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugdagi harbiy qismlardan birining rejaviy taʼminotiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va topshirish, shaxsiy tarkibning ovqatlanish ratsionini vitaminlarga boy boʻlgan sifatli hoʻl meva, sabzavot, goʻsht va boshqa mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida yordamchi xoʻjaliklari faoliyatlaridan unumli foydalanilmoqda.

Harbiy qismning moddiy taʼminot boʻlinmasida ilgari boʻsh turgan unumsiz yerning 30 sotix maydonida issiqxona qurilishi sabzavot va anvoyi gullarni yetishtirish, ularni sotish orqali boʻlinmaning moddiy daromadini yuksaltirishga erishishga xizmat qilyapti.

Taʼkidlash joizki, issiqxona qurilgan yer maydoni oldin unumsiz qumlik yerdan tashkil topib, undan umuman foydalanilmay kelingan. Yerning unumdorligini oshirish maqsadida unumli tuproqni alohida xaltalarga joylashtirib, undan keyingina ekin ekilishi sinovdan oʻtkazildi. Aytish kerakki, mazkur usul anchagina samara berib, ekilgan sakkiz ming tup bodring urugʻi hosilga kira boshladi. Ekinlarni tomchilatib sugʻorish tizimi esa suvni tejash hamda yetarli miqdorda namlikni saqlashda samarali boʻlmoqda.

Shuningdek, issiqxona ichkarisidagi yerlardan unumli foydalanish maqsadida oʻylaklarga besh mingta manzarali gullarning urugʻi sepilib, kunlar isigandan keyin ularni harbiy qism va unga tutash hududlarni obodonlashtirish uchun koʻchirib oʻtqazish ishlari rejalashtirilgan.

Issiqxonada ekilgan ekinlarni parvarishlash hamda yetilib pishgan hosilni terish uchun alohida yollanma ishchi kuchidan foydalanilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati