“Yosh vatanparvarlar yigʻini” ishtirokchisi muddatli harbiy xizmatga joʻnab ketdi

0
2406

Xabaringiz bor, Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonidagi harbiy qismda Navoiy viloyatidagi 100 nafar yoshlar uchun 10 kunlik “Yosh vatanparvarlar yigʻini” tashkil etilgan edi.

Ushbu yigʻinga viloyatning Qiziltepa tumanidagi Yashnobod mahallasidan kelgan Husanjon Rahmonov ham jalb etilgan.

Harbiy xizmatchi boʻlish yoʻlidagi orzulari bu yerga yetaklab kelgan Husanjonga ushbu yigʻinning beshinchi kunida muddatli harbiy xizmatga borish uchun chaqiruv qogʻozi keldi.

– Joriy yildagi chaqiruv mavsumida men ham muddatli harbiy xizmatga borish uchun hujjatlarimni tuman mudofaa ishlari boʻlimiga topshirib, barcha saralash bosqichlarida ishtirok etgan edim, – deydi Husanjon Rahmonov. – Menga muddatli harbiy xizmatga borish uchun chaqiruv qogʻozi kelmagach, umidimni soʻndirmagan holda ushbu “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ga keldim. Buni qarangki, yigʻinning beshinchi kunida menga muddatli harbiy xizmatga borish uchun chaqiruv qogʻozi keldi. Bundan men va ota-onam, balki ushbu yigʻindagi tengdoshlarim ham juda xursand boʻlishdi. Shu bilan men yana bir narsani angladimki, orzu-maqsadlar sari harakat qilish kerakligini va xech qachon umidni soʻndirmaslik lozimligini bildim.

Husanjon soʻzining yakunida, “Men milliy armiyamiz saflarida xizmat qilishni besh kun avval boshladim”, – deb jilmayib qoʻydi.

Husanjon Rahmonovni muddatli harbiy xizmatga ketar chogʻida yigʻin ishtirokchilari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda Navoiy viloyatining barcha tumanlaridan kelgan yoshlar oʻzlarining tengdoshiga tilaklarini bildirib, Vatan oldidagi yigitlik burchini sadoqat bilan oʻtashini tilashdi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan navbatdagi navoiylik yoshlarni kuzatish marosimida keng jamoatchilik vakillari hamda ota-onalar ishtirok etib, yoshlarning harbiy xizmat boʻlgan qiziqishlari yanada ortib borayotganligini alohida taʼkidlashdi va bundayin sharafli burchni ado etishda omad tilashdi.

Tadbir yakunida ota-onalar alp oʻgʻlonlarini koʻzda qoʻrquv yoshlari emas, balki quvonch bilan farzandlarini kuzatishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati